Temiryoʻlchilar bu yilgi kasb bayramini Toshkent shahri va mamlakatimizning turli hududlarida xalqimiz farovonligi, davlatimizning iqtisodiy yuksalishi, qolaversa, kelajagi uchun katta naf beradigan loyihalarni amalga oshirish bilan kutib olishyapti. Ulardan biri poytaxtimizda bunyod etilayotgan yer usti halqa metrosidir. Xususan, Qoʻyliq – Quruvchilar yoʻnalishida 5 ta bekat foydalanishga topshirilgan boʻlsa, 13 hamda 14-bekatlarda davom ettirilayotgan bunyodkorlik ishlari yil yakuniga qadar bitkazilishi rejalashtirilgan.
Yirik loyihalardan yana biri Qizilqum sahrosining qoq oʻrtasidan oʻtgan va 2017-yilda qurilgan Buxoro – Urganch – Xiva temir yoʻlini elektrlashtirish ishlaridir. Umumiy uzunligi 465,5 kilometrli temir yoʻl loyihasi toʻliq yakunlangach, tarmoq tasarrufidagi poʻlat izlarning elektrlashtirilgan qismi qariyb 50 foizga yetadi.
Elektr poyezdining unumdorligi anʼanaviysiga nisbatan 4,5 barobar yuqori. Shunga yarasha, yoʻlning samaradorligi ancha oshadi. Masalan, poyezdlarning yuqori tezligi soatiga 250 kilometrgacha boʻlganda yoʻlovchilarning Toshkentdan Urganchgacha yetib borish vaqti 14 soatdan 6 soatga, Buxorodan Xivagacha 8 soatdan 3 soatgacha qisqaradi. Bu aholi va mehmonlarga katta qulaylik yaratib, turizm rivojida ham muhim omil boʻladi.
Hozirgi loyihaga hamohang tarzda Nukus shahrigacha boʻlgan temir yoʻlni ham elektrlashtirish rejalashtirilmoqda. Buning natijasida Toshkent bilan Nukus oʻrtasidagi qatnov vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining “Koʻprikqurilish tresti” unitar korxonasi mutaxassislari Xorazm viloyatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi bilan bogʻlovchi, Amudaryo ustidan oʻtadigan yangi temir yoʻl va avtomobil yoʻli qoʻshma koʻprigini ham bunyod etmoqda. Bu koʻprik nafaqat Qoraqalpogʻiston va Xorazmni yanada yaqinlashtirishda, balki butun mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim oʻrin tutadi.
Jamiyat tasarrufidagi “Koʻprikqurilish tresti” unitar korxonasining 13-koʻprikqurilish otryadi jamoasi tomonidan Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Nazarbek shaharchasi hududidan oʻtgan temir yoʻl va avtomobil yoʻllari kesishmasida yangi va zamonaviy yoʻloʻtkazgich qurilishi ham tugatilib, foydalanishga topshirildi. Bu esa ushbu hududda turadigan va mazkur yoʻnalishdan foydalanadigan odamlar uchun katta qulaylik yaratdi.
Bu kabi loyihalar soha xodimlarining zalvorli mehnati tufayli roʻyobga chiqmoqda. Bu yaxshi. Biroq bugun shiddat bilan oʻzgarib borayotgan zamonda qoʻlga kiritilgan yutuqlar bilan kifoyalanib qolib boʻlmaydi. Yanada katta marralar, vazifalar ustida ishlash, odamlar uzogʻini yaqin qilish, sifatli xizmat koʻrsatish bilan rozi qilish davr talabi, taraqqiyot kafolati, xalqimiz hayotining yanada farovon boʻlishi demakdir. Shunday ekan, bugungi zamon nafasini his qilgan temiryoʻlchilar katta masʼuliyat va yangicha yondashuvlar asosida ishlashga intilmoqda. Magistrallarda yuk va yoʻlovchi qatnovlarini oshirish hamda xavfsizligi va ishonchliligini taʼminlagan holda tizimda yangi loyihalarni roʻyobga chiqarish ustida izlanmoqda.
Anʼanaga koʻra, bu yilgi kasb bayrami arafasida ham 76 ming temiryoʻlchidan bir guruhi soha rivojiga qoʻshayotgan fidoyi mehnati uchun taqdirlandi. Uzoq yillar davomida samarali mehnat qilayotgan 29 kishi “Faxriy temiryoʻlchi” koʻkrak nishoniga, faxriy yorliqlarga sazovor boʻldi. Shuningdek, Oʻzbekiston temiryoʻlchilari va transport quruvchilari respublika kengashi tomonidan yuzlab eng ilgʻor temiryoʻlchilar moddiy ragʻbatlantirildi.
Abdurauf QORJOVOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri