Zero, bugun mamlakatda qabul qilinayotgan qonunlarning soʻzsiz bajarilishi, islohotlarning samarali amalga oshirilishi ham aynan jamoatchilik nazoratiga bevosita bogʻliqdir.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan korxonalarning ishlab chiqarish, ekologik va sanitariya-gigiyenik talablarga muvofiqligi, ijtimoiy infratuzilma obyektlarining holati, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati, atrof-muhit muhofazasi, xavfsizlik choralari yuzasidan foydalanuvchilar fikrini oʻrganish, mavjud imkoniyatlar va muammolarni aniqlash, bunda fuqarolarning huquqlari qanday taʼminlanayotganini baholash maqsadida yurtimizdagi yirik korxonalardan sanaluvchi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ hamda «Navoiyuran» davlat korxonasiga jamoatchilik soʻrovi kiritildi.
Soʻrov natijalariga koʻra, kelgusida jamoatchilik eshituvi oʻtkazilishi ham rejalashtirilgan.
Maʼlumki, bugungi kunda aholining huquqlari va manfaatlarini himoya qilinishini taʼminlashga, huquqlari kafolatlanishiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Bugun biz yangi taraqqiyot davridamiz. Xalqimizning dunyoqarashi oʻzgarib, jamiyatda boʻlayotgan har bir voqelikka nisbatan yurtdoshlarimiz oʻz munosabatlarini bildirmoqdalar.
Korxona, tashkilot va muassasalar jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlash orqali oʻz faoliyatini transparentlik va ochiqlik asosida olib borishi lozim. Zero, jamoatchilik nazorati faoliyatni kuzatish, baholash va ogohlantirish funksiyasini amalga oshiradi, masʼuliyatni oshirish va faoliyatni samarali tashkil qilish uchun muhim vosita boʻlib xizmat qiladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan «Navoiyazot» AJga ham shu mazmunda murojaat qilingan edi.