Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Prezidentlikka kirishish marosimidagi nutqida taʼkidlaganidek, hech shubhasiz, biz bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot bilan birga ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyatga tayanamiz.
Darhaqiqat, maʼnaviy taraqqiyotsiz koʻzlangan maqsadlarga hech qachon erishib boʻlmaydi. Kuni kecha eʼlon qilingan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faollari va bir guruh maʼrifat targʻibotchilarining Oʻzbekiston xalqiga murojaati barchaning ayni dilidagi chaqiriq boʻldi, desak yanglishmaymiz. Murojaatda vatandoshlarimiz, ota-onalar, ziyolilar, mahalla faollari, tadbirkorlar va yoshlarga maʼnaviy-maʼrifiy sohada aslo befarq boʻlmaslik taʼkidlanadi.
Aslida ham, bugungi notinch zamonda – tinchlik-xotirjamlikning qadri ortgan pallada milliy qadriyatlar asrab-avaylanmas, milliy oʻzlikni anglash jarayoni takomiliga yetmas ekan, hayotga tatbiq etilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga toʻliq ishonch hosil qilish mushkulligini bugungi hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi. Bu nimalarda koʻrinadi?
Avvalo, vatanga sadoqat, xalq xizmatiga kamarbastalik xislatlari mukammal shakllangan, bu xayrli va ezgu ishga hayotini tika olgan inson ongu shuurida poraxoʻrlik, mansabparastlik, xudbinlikka joy ham qolmaydi. Bunday kishilar yurt tashvishini hamma narsadan ustun qoʻyadi, oʻz xatti-harakatlarining natijasini koʻra oladi.
Shuningdek, jamiyatda urchiyotgan korrupsiya, tovlamachilik, firibgarlik kabi illatlar, qoʻshib yozish, yolgʻon maʼlumot berish, “xoʻjakoʻrsin” yoxud “bizdan ketgunicha...” qabilidagi salbiy xatti-harakatlarga qarshi kurashishda ham maʼnaviyat targʻiboti, maʼrifatni qoʻllab-quvvatlash samarali natija beradi. Zero, milliy anʼanalarimizda, muqaddas dinimizda qoralangan, xalq tilida “harom”, “gunoh”, “uyat”, “sharmanda” deya baholanuvchi holatlarning oldini olishda targʻibot masalasi katta rol oʻynaydi.
Jazirama kunlari bozor-oʻcharlarda muzdek suvni tekin tarqatib yurgan yoki hajga boraman deb jamgʻargan mablagʻini qishlogʻi, mahallasi obodonligi uchun sarflayotgan yurtdoshlarimiz, topgan daromadining maʼlum qismini oʻquv dargohlariga, kitoblar sotib olishga xarj qilayotgan vatandoshlarimiz, oʻz bilimi va iqtidorini xorijda emas, oʻz yurtida nisbatan kamroq maosh evaziga boʻlsa-da, namoyish etayotgan, tengdoshlarini ham shunga daʼvat etayotgan yoshlarimiz emasmi bugungi islohotlarimizdan ruhlanayotganlar?! Topganini farzandlari kamoloti, bilim olishi va hunar egallashi uchun sarf etayotganlar, koʻr-koʻrona, bidʼat odatlardan voz kechib, qizining toʻyida sep qatori sara adabiyotlarni sovgʻa qilayotganlar emasmi ertangi kunga ishonch bilan koʻz tikib, boshqalarga ham umr mazmuni faqat yeb-ichishu kiyinishdan iborat emasligini anglatayotganlar?!
Afsuski, goh-gohida boʻlsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda yurtimizda amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlardan qoniqmaslik, “inson baxt-saodati, hayotdan roziligi uchun” tamoyili asosida yoʻlga qoʻyilayotgan qulaylik va imtiyozlardan norozilik kayfiyatidagi chiqishlarga guvoh boʻlib qolyapmiz. Oʻylantiradigan jihati shuki, tarixan qisqa vaqt ichida mamlakatimizda erkin fikrlash, ochiqlik va shaffoflik borasida salmoqli ishlar qilindi. Paxta yakkahokimligi tugatilishi, majburiy mehnatga chek qoʻyilishi, taʼlim olish, mehnat qilish, sogʻliqni saqlash jabhalaridagi keng qamrovli islohotlar roʻyobi, ortiqcha ovoragarchilik va qogʻozbozlikning barham topishi, qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarning yangi bosqichga olib chiqilishi, valyuta ayirboshlash, pul-kredit sohalaridagi qulayliklar... barchasini sanab chiqish koʻp vaqt oladi. 7-8 yil avval ertakdek eshitilgan bu yangiliklarning qadriga yetish, “Vatanim uchun men nima qilyapman” degan savolga javob topish uchun harakat qilish, chin maʼnoda vatanparvar, yurtparvar boʻlish esa kishining maʼnaviy-ruhiy olami boyligi, pok niyat va ezgu maqsad bilan hayot kechirishiga chambarchas bogʻliq.
Bugun oʻz oldimizga katta maqsadlar qoʻyar ekanmiz, aholining barcha qatlamlari bilan faol munozaraga kirishish, yangicha tafakkur, boy maʼnaviy salohiyat va dunyoqarashni shakllantirishda, milliy taraqqiyotni yangi bosqichga olib chiqishda maʼnaviyat targʻibotchilari, sohaga aloqador mutasaddilar zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklanadi. Shu bilan birga, bu yoʻlda keng jamoatchilik, nuroniylar va faxriylar, koʻpni koʻrgan, ibratli oila bekalari ishtirokidan unumli foydalanish zarur. Bogʻcha-maktablar, oliy oʻquv yurtlari, mahalla-koʻy, mehnat jamoalari, shuningdek, doimiy mehnatda band boʻlmaganlar bilan yaqin aloqa oʻrnatib, kitobxonlik, milliy anʼana va qadriyatlarga hurmat-ehtirom, siyosiy va huquqiy savodxonlik borasida tizimli faoliyat olib borish talab etiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, oʻtmish ajdodlarimiz qoldirgan boy maʼnaviy meros, milliy qadriyatlarni yoshlarimiz ongiga singdirish, hayotimizning ajralmas qismi hisoblangan oʻzbekona udum va anʼanalarni yaxshilikka xizmat qiluvchi zamonaviy tushunchalar bilan boyitish kechiktirib boʻlmas vazifadir. Zotan, kuchli maʼnaviyat bizga beqiyos ruh, shijoat bagʻishlaydi.
Maʼsudjon SULAYMONOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Fargʻona viloyat boʻlimi rahbari