Shu maʼnoda, mamlakatimizda jurnalist kadrlarni tayyorlashga axborot siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida qaralayotgani quvonchli hodisa.
Prezidentimizning 2018-yil 24-maydagi qaroriga muvofiq, mutlaqo yangi tamoyillar, zamonaviy shart-sharoit va taʼlim dasturi asosida mutaxassislar tayyorlaydigan Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilgani media sohasi rivojidagi muhim qadam boʻldi. Oʻz yoʻnalishi boʻyicha Markaziy Osiyoda yagona universitet mamlakatimizda jurnalistika maktabini shakllantirish, ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirishga hissa qoʻshmoqda. Zero, ozod va mustaqil yurtda taraqqiyotni, demokratik qadriyatlarning amalda boʻlishini senzura va bosimlarsiz ijod qiladigan, xalqimizni qiynayotgan ogʻriqli muammolarni dadil koʻtarib chiqib, yechim topa oladigan jurnalist kadrlarning yangi toʻlqinigina taʼminlay oladi.
Axborot – taraqqiyot barometri
Dunyoning rivojlangan barcha mamlakatlari kuchli, keng qamrovli axborot tizimiga ega. Qayerda axborot aylanishi sust boʻlsa, taraqqiyot ham sust kechadi. Sobiq ittifoq davrida ham, undan keyingi davrda ham jurnalistikaga qalami oʻtkir, tili achchiq odamlar kerak boʻlmay qoldi. Soʻz erkinligi anqoning urugʻiga aylandi. Jurnalist kadrlar tanqisligi yuzaga keldi. Malakali mutaxassislar boshqa sohalarga oʻtib ketdi. Vaholanki, mukammal axborot tizimisiz rivojlanish mushkul. Soʻz erkinligi – demokratiyaning qon aylanish tizimi, deyilishi bejiz emas. Axborotning ochiqligi, oshkoraligi, tezkorligi xalq ongu tafakkuri bilan uygʻunlikda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati shaffofligi, jamiyat oldida hisobdorligini oshirishga xizmat qiladi. Yangi Oʻzbekistonda bu haqiqat anglangan holda ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyati uchun muhit yaratilgan, jurnalistlarni tayyorlashga katta eʼtibor qaratilgan.
Yaratilgan imkoniyat va sharoitlar natijasi oʻlaroq, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hozirgi tez oʻzgarayotgan globallashuv davrida jurnalistikaning oʻziga xos xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, bugungi holati va istiqboli bilan bogʻliq mavzular chuqur oʻrganiladigan, ilmiy tadqiqotlar, ijodiy izlanishlar qilinadigan, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlanadigan makonga aylangan.
Jurnalistik taʼlim yoʻnalishlari soni va qamrovi yilda-yilga oshib bormoqda. Universitetimizda dastlabki oʻquv yilida 2 ta fakultet, 2 ta kafedra mavjud boʻlgan boʻlsa, ayni kunga kelib 4 ta – bosma OAV va noshirlik ishi, xalqaro va audiovizual jurnalistika, internet jurnalistika va mediamenejment, xalqaro munosabatlar va ijtimoiy-siyosiy fanlar fakultetlari, 10 ta kafedra, shuningdek, 12 ta boʻlim faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Eng muhimi, jurnalistik taʼlim monopollashtirilmagan. Jurnalist kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari soni koʻpaymoqda.
Yoʻnalishlar kengayib, qamrov oshmoqda
Universitet tashkil etilgan yilda biz differensial taʼlim shaklini tanladik va jurnalistikani ixtisosliklarga boʻlib, 8 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi hamda 10 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha oʻqitishni boshlagan edik. Universitetda yangi yoʻnalish, yangi ixtisoslik ochilishi son jihatidan kengayishga, sifat jihatidan takomillashishga xizmat qilmoqda. Bu oʻquv yilida esa yana yangi ixtisosliklar qoʻshildi, ayni kunda 17 bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 17 magistratura mutaxassisligi mavjud.
Universitetimiz tashkil etilgan dastlabki yilda internet jurnalistikasi, mediadizayn, bosma ommaviy axborot vositalari jurnalistikasi, mediamarketing va reklama, teleradiojurnalistika, sport jurnalistikasi, xalqaro jurnalistika, axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar, keyingi oʻquv yillarida harbiy jurnalistika, siyosatshunoslik yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Mazkur oʻquv yilidan sanʼat jurnalistikasi, sayohat jurnalistikasi, iqtisodiy jurnalistika, psixologiya, sotsiologiya kabi yangi taʼlim yoʻnalishlari tashkil etildi.
Magistraturada ham noshirlik ishi va muharrirlik, bosma ommaviy axborot vositalari jurnalistikasi, siyosiy-huquqiy jurnalistika, internet jurnalistikasi, sport jurnalistikasi, oliy jurnalistika kurslari, xalqaro jurnalistika, televideniye va radioeshittirish, axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar, mediamenejment, PR menejment va PR tahlil mutaxassisliklari mavjud edi. Endi ular qatoriga amaliy siyosatshunoslik, xalqaro munosabatlar va jahon siyosati, harbiy jurnalistika, mediamarketing va reklama, mediadizayn ham qoʻshilgan.
Barcha taʼlim yoʻnalishidagi talabalar uchun chet til birinchi kursdan toʻrtinchi kursgacha dars jadvalidan tushmayapti. Har bir talaba kamida ikkita xorijiy tilni bilishi uchun universitetning tillar markazida nafaqat ingliz tili, balki turk, arab, xitoy, nemis, fransuz, rus, ispan, koreys tillari oʻqitiladi. Qozoq, qirgʻiz, turkman, tojik tillarini oʻrgatish ham koʻzlanmoqda. Aynan mana shu ikkinchi xorijiy til bilan qoʻshimcha ravishda turli mintaqalar hayotini puxta biladigan xalqaro jurnalistlar, siyosiy sharhlovchilar, siyosatshunoslarni yetishtirish uchun mintaqashunoslik kesimida kadrlar tayyorlash sari qadam qoʻyganmiz.
Bugungi jurnalistikamiz rivoji uchun juda kerak boʻlgan dron jurnalistikasi, multimedia jurnalistika, konvergent tahririyat, robot jurnalistikasi, harbiy jurnalistika, sport sharhlovchiligi, krizis davrida PR, mediasavodxonlik va faktcheking, kopirayting, kreativ fikrlash kabi uchun yangi fanlar kiritib borilmoqda.
Oldinda hali qiladigan ishlarimiz juda koʻp. Taʼlim dargohimizni Markaziy Osiyoda nafaqat media va kommunikatsiyaga ixtisoslashgan yagona, balki kommunikatsiya bazasiga qurilgan yirik gumanitar universitet sifatida rivojlantirish maqsadidamiz.
Tanaffusdan soʻng ochilgan yoʻnalish
Bizda koʻp yillar siyosatshunoslik taʼlim yoʻnalishi yopiq edi. Oʻzbekiston oliygohlaridagi siyosatshunoslik kafedralari hech qanday rasmiy izohlarsiz 2010 oʻquv yili uchun talabalarni qabul qilishni toʻxtatdi. 2013-yildan boshlab esa kafedra va fakultetlar yopila boshlagan. 2015-yili Oʻzbekistonda siyosatshunoslik fani oʻqitilmasligi rasman eʼlon qilindi.
Vaholanki, siyosatshunoslik fani rivojisiz, yetuk siyosatshunos mutaxassislarsiz fuqarolardan yuksak siyosiy savodxonlikni talab qilib boʻlmaydi. Fan rivoji, taʼlim yoʻnalishi mavjudligi aholi dunyoqarashida sogʻlom siyosiy immunitetni shakllantirishga yordam beradi.
Universitetdagi xalqaro munosabatlar va ijtimoiy siyosiy fanlar fakultetida axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar, siyosatshunoslik, xalqaro munosabatlar, amaliy psixologiya, sotsiologiya yoʻnalishlari boʻyicha jami talabalar soni 525 nafarni tashkil qiladi.
Respublikadagi barcha oliy taʼlim muassasalari qatori Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ham kredit-modul tizimiga oʻtgan. Bu jarayonda har bir talaba birinchi kursdan toʻrtinchi kursga qadar 240 kredit toʻplashi kerak boʻladi.
Amaldagi oʻquv rejalar ancha soddalashtirilgan. Avval bitta semestrda 8, 9, hatto 12 tagacha fanni oʻzlashtirish rejalashtirilgan boʻlsa, hozir 5 yoki 6 fanni oʻzlashtirish belgilanmoqda. Fanlarni shakllantirish va semestrlarga taqsimlash talabalar soʻrovlaridan kelib chiqib amalga oshiriladi. Bu esa, oʻz navbatida, gumanitar fanlar kamayishiga va mutaxassislik fanlar koʻpayishiga olib kelyapti. Masalan, bir talaba oʻqishga kirib bitirgunga qadar taxminan 30 ta fan oʻzlashtiradigan boʻlsa, shundan 3 tasi, yaʼni 1 foizi gumanitar fanlarga toʻgʻri kelmoqda.
Pedagoglar tarkibini shakllantirishda tajriba va ilmiy salohiyatga eʼtibor qaratildi
Universitetimizda 2022-2023 oʻquv yilida 3355 talaba tahsil oldi. Dastlabki yillarda, yaʼni 2018-2019 oʻquv yilida 119 nafar bakalavr oʻqishni boshladi (tanlov 1 oʻringa 7,5 kishi boʻlgan). Kelasi oʻquv yilda 609 talaba, pandemiya paytida 1558 talaba, undan keyingi yil bir yarim barobar koʻpaydi va 2605 nafar boʻldi. Bundan shuni koʻrish mumkinki, universitetimizga talab yildan yilga ortib bormoqda. Oʻtgan yili biz birinchi bakalavr qaldirgʻochlarimizni uchirma qildik, ular 119 nafar edi. Bu yil bitiruvchilarimiz 552 nafar. Raqamlardagi tafovut yoshlarning sohaga qiziqishi yuqoriligi, shuningdek, mamlakatimizda media sohasi mutaxassislariga ehtiyoj muttasil oshib borayotganidan dalolat beradi.
Qamrov oshishi yangi pedagogik jamoani shakllantirishni taqozo etdi. Biz ilmiy salohiyatli, shu bilan birga, jurnalistik amaliyotda katta tajribaga ega boʻlgan, hayotning pastu balandini koʻrgan pedagoglar jamoasini shakllantirishga eʼtibor qaratdik. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, umuman, hayotiy tajribaga ega insonlarni taklif qildik. Ular yoshlarimizni soʻzning, axborotning qadrini anglashga, soha masʼuliyatini his qilishga, Vatanimiz, ona tilimizni sevishga, oʻzgalar shaxsini hurmat qilishga oʻrgatmoqda. Oʻz kasbining ustasi boʻlgan, haqiqat va adolat yoʻlida xizmat qiladigan jurnalistlarni tarbiyalamoqda. Har bir talaba bilan individual ishlash asosiy talab.
Universitetimiz professor-oʻqituvchilari soni ham talabalar soni singari oʻsib bordi, ammo bu jarayonda ilmiy salohiyat koʻrsatkichlarimiz har yili pasayib borardi. Sababi, soʻnggi 10-15 yilda jurnalistika ixtisosligi boʻyicha ilmiy daraja olgan oʻqituvchilarimiz soni sanoqli edi. Quvonarlisi, ilmiy izlanish olib borayotgan professor-oʻqituvchilarimiz soni koʻp. Shu besh yil davomida 26 hamkasbimiz filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) va 4 nafari filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasini yoqladi. Umumiy ilmiy salohiyat bugun 38 foizni tashkil etadi.
Universitetimizda yosh olimlarni ragʻbatlantirish, ilmiy salohiyatni doimiy rivojlantirish sari harakat katta. Doktoranturada 22 doktorant, 39 mustaqil tadqiqotchi ilmiy izlanish olib bormoqda.
Shart-sharoit – kutilgan natija sari qisqa yoʻl
Sifatli oʻquv jarayonini mustahkam moddiy-texnik bazasiz tashkil etib boʻlmaydi. Toʻgʻri, bino, texnika bilim bermaydi, biroq zarur shart-sharoit yaratadi. Toʻgʻrisini aytsak, universitet faoliyatini noldan tashkil etish oson kechgani yoʻq. Avvalo, talabalar uchun zarur sharoit yaratishimiz talab etilardi. Yangi universitet uchun shahar markazi, tarixiy Qashqar mahallasidan bino tanlandi. Joylashuv haqiqatan qulay edi. Binoning markazda joylashishi talabalar jurnalistikaning qaynoq muhitida boʻlishi, jumladan, markaziy tahririyatlarda amaliyot oʻtashiga qulaylik tugʻdirardi. Shu yerda universitetning yangi binosi qad rostladi.
Universitetimizning yangi oʻquv binosi, talabalar turar joyi zarur texnika vositalari bilan jihozlangan. Dars uchun zarur interaktiv doska boʻladimi, onlayn konferensiya oʻtkazish uchun PTZ kamera boʻladimi, hammasi bor. 396 oʻrinli talabalar turar joyi kir yuvish mashinasi, muzlatkich, televizor, Wi-Fi router kabi zaruriy texnika va qurilmalar bilan jihozlangan. Universitetda yashil hudud yaratilgan, tabiat burchaklari tashkil etilgan. Ochiq havoda dars oʻtishga moʻljallangan uchta “Open Air” maydonchasi, talabalar press-klubi mavjud.
Germaniyaning dunyoga mashhur “Deutschwelle Academy” bilan radiostudiya, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) bilan telestudiya, televizion pavilyon tashkil etilgan. Xitoyning “Huawei” kompaniyasi koʻmagida zamonaviy fotolaboratoriya hamda kovorking markaz faoliyat yuritmoqda. Bu talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash imkonini beradi.
Universitetimiz AQSH, Turkiya, Janubiy Koreya, Latviya, Litva, Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston kabi mamlakatlarning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Xorijiy universitetlar bilan 25 ga yaqin memorandum imzoladik. Bularning barchasi talabalarimiz oʻz sohasining yetuk mutaxasisi boʻlishi va zamonaviy media bozorida oʻz oʻrnini topishi uchundir. Bugun OAV tahririyatlarida oʻz oʻrnini egallab borayotgan ijodkorlar orasida universitetimiz talabalari juda faol.
Oldimizda turgan maqsadlar koʻp. Axborot maydoni va media sohasiga kirib kelayotgan sunʼiy intellekt sharoitida yangi kadrlarga ehtiyojni hisobga olib, oʻquv jarayoniga zamonaviy fanlarni kiritish, magistratura va doktorantura boʻyicha yangi yoʻnalishlar ochish, ilmiy izlanish qilayotgan yoshlarning yangi trendlar bilan birgalikda tarixiy jarayonlarda rolini, millatimiz oydinlari – jadidlarning bizga qoldirgan publitsistik merosini chuqurroq oʻrganish va intellektual mehnat samarasi boʻlgan ishlanmalarini tijoratlashtirish kabilar shular jumlasidandir. Bularning negizidagi eng asosiy maqsad esa haqiqat va adolat yoʻlida xizmat qiluvchi jurnalist kadrlarni tayyorlashdir.
“Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!”. Bu mening, sizning, barchamizning oliy maqsadimiz va faoliyatimizdagi asosiy shiorimizdir. Buni amalga oshirish uchun bizda salohiyat, bilim, kuch va motivatsiya yetarli. Bu shior oliy maqsadlarimiz sari bizni birlashtiradi.
Sherzodxon QUDRATXOʻJA,
siyosiy fanlar nomzodi, professor