Bokschilarimiz Sankt-Peterburgdagi xalqaro nufuzli musobaqada qatnashishdi, bu bokschilarimiz uchun muhim ko‘riklardan biri edi. Hozirda navbatdagi yig‘inimiz Toshkent viloyatidagi “Yangiobod” o‘quv-bazasida davom etmoqda. Unda Jazoir, Eron, Iordaniya va Ozarbayjon tema jamoalari bilan birga mashg‘ulotlar o‘tkazmoqdamiz. Bu tayyorgarlik Osiyo chempionatiga qaratilgan. Birlashgan Arab Amirliklari mezbonlik qiladigan Osiyo chempionati Tokio Olimpiadasi oldidan terma jamoamiz bokschilari uchun so‘nggi imtihon bo‘ladi. Osiyo chempionatidan keyin bizda 55 kun vaqt bo‘ladi. Barcha rejalar tuzib chiqilgan.

Osiyo chempionatidan keyin 10 kunlik tiklanish yig‘ini bo‘ladi. Keyin esa 20-iyundan 5-iyulgacha “Yangiobod” bazasida yig‘in belgilangan. Oxirgi yig‘inimiz esa 6-22-iyul kunlari Yaponiyada bo‘ladi. 24-iyuldan boshlab esa Xudo xohlasa, bokschilarimiz Olimpiadada ringga chiqishni boshlashadi.

Tayyorgarlik uchun sharoitlar hukumatimiz, Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitamiz va O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan yaratib berilgan. Buning uchun minnatdorchilik bildiramiz.

Yaqinda O‘zbekistonda boksni yana-da rivojlantirishga xizmat qiluvchi Prezident qarori chiqdi. Yurtimizda boksga eʼtibor yana-da kuchaymoqda. O‘zbekistonda boks bilan shug‘ullanayotganlar soni bir necha barobar ko‘payib ketdi. Xudoga shukr, ayni paytda terma jamoamiz zaxirasi uchun ham sportchilar yetishib chiqmoqda. Boksga shaxsan mamlakatimiz Prezidenti tomonidan eʼtibor qaratilmoqda. Bu eʼtibordan ruhlanib 2 barobar ko‘p ishlashimiz lozim. Qo‘lga kiritilayotgan natijalar bilan to‘xtab qolmasligimiz kerak. Biz ajoyib natijalarni davom ettirishga harakat qilamiz”, – dedi Marat Qurbonov.