"Mard o'g'lon" bergan mas'uliyat 

    Toshkent tibbiyot akademiyasining 6-bosqich talabasiman. Ustozim Murod Hakimov rahbarligida «Oshqozon osti bezi kasalliklari va uni erta tashxislash» boʻyicha yozgan ilmiy ishlarimiz Germaniyaning Berlin jurnalida chop etildi.

    MDH miqyosida tashkil etilgan xalqaro kongressda «Eng yosh ilmiy izlanuvchi» nominatsiyasi gʻolibi boʻldim va Toshkent tibbiyot akademiyasi tomonidan taʼsis etilgan «Akademik V.V. Vohidov» nomidagi stipendiyasi sohibi boʻldim. Joriy yilning may oyida esa Italiyaning Florensiya shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro kongress hamda ISGE oʻquv kursida qatnashish uchun toʻliq grant gʻolibi boʻldim. Eng quvonarlisi, ushbu kongressda Osiyodagi yagona grant yutgan talaba boʻldim va 50 dan ortiq rivojlangan davlatlardan kelgan professorlar oʻrtasida oʻz ilmiy ishlarim bilan qatnashdim.

    Prezidentimiz tomonidan ilm-fan, tibbiyot, sport va yana turli xil yoʻnalishlar boʻyicha olib borilayotgan islohotlar oʻz samarasini beryapti, desak mubolagʻa boʻlmaydi. 28-iyun kuni Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosatiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi hamda yoshlar bilan muloqot boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda soʻnggi yetti yil yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni isteʼdod va salohiyatini roʻyobga chiqarish maqsadida 100 dan ziyod qonun va qaror qabul qilinib, 200 dan ortiq imtiyoz berilganligi haqida aytib oʻtildi. Birgina taʼlim kreditidan 151 ming yoshlar foydalanganligi, ehtiyojmand oiladan boʻlgan yana 110 ming talabaning kontraktini toʻlashga 332 milliard soʻm ajratilganligi aytib oʻtildi. Natijada esa oliy taʼlimda qamrov 9 foizdan 42 foizga, oliygohlar soni esa 77 tadan 212 taga yetganligi haqida maʼlumot berildi. Shu bilan birga, IT sohasida oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarga IT park rezidenti maqomi beriladigan boʻldi.

    Yoshlar kuni munosabati bilan juda koʻp yoshlarimiz, iqtidorli talabalarimiz hamda turli xil soha vakillari ragʻbatlantirildi. Shu qatorda bizning kamtarona mehnatlarimiz yuksak baholanib, Yurtboshimiz «Mard oʻgʻlon» davlat mukofoti bilan taqdirladi. Ushbu mukofot yanada oʻz ustimizda ishlashga, tibbiyot sohasini rivojlantirishga undaydi. Prezidentimiz aytganlaridek, kam uxlab, koʻp harakat qilishimizga katta kuch beradi. Bunday mukofotlarning barchasi yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor. Biz yoshlar bundan-da katta katta yutuqlarga erishishga vaʼda beramiz va Prezidentimiz bizga bergan ishonchni albatta oqlaymiz.

    Azizbek Valijonov,

    Sayxunobod tumani