Ushbu gastronomiya mozaikasida janubi-sharqiy Mardin viloyati ko‘p madaniyatli merosini aks ettiruvchi noyob oshxona tajribalari bilan ajralib turadi.
Mardin: Sivilizatsiyalar oshxonasi
Mardinda nonushtadan kechki ovqatgacha har bir ovqatlanish mahali ziyofatga aylanadi va har bir ta’mning o‘ziga xos turli retsepti mavjud. Mardinning ko‘p madaniyatli teksturasida me’morchiligi va ijtimoiy an’analariga qo‘shimcha ravishda oshxona merosining o‘rni beqiyosdir. Mardinning xilma-xil madaniy tarixi shaharni Onado‘lining boy oshxona mozaikasining haqiqiy ta’mini tatib ko‘rmoqchi bo‘lgan taom ixlosmandlarining sevimli manziliga aylantirmoqda. Bundan tashqari, Turkiyaning boshqa janubi-sharqiy shaharlari singari, Mardin oshxonasi ham asosan go‘shtli taomlarga asoslangan. Mardindagi ko‘plab taomlar meva va go‘shtni birlashtirgan noyob lazzatli ta’mni beradi. Biroq, yovvoyi bodring, tuyya, qizilmiya va gundeliya kabi mahalliy o‘simliklar ham shahar oshxonasida muhim rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, Mardin oshxonasi tarixiy Ipak yo‘lidan meros ziravorlardan ko‘p foydalanishi bilan e’tiborga molik. Dolchin, koriander, kardamon, zanjabil va pimento kabi ziravorlar ham taomlarda, ham shirinliklarda ishlatiladi.
Mardin nonushtasi: kunni boshlashning eng yaxshi usuli
Turk nonushtasi kunni boshlashning eng yaxshi usuli ekanligiga shubha yo‘q. Nonushtadagi yeguliklar hududlarga ko‘ra farqlanadi. An’anaviy Mardin nonushtasi Mardin va uning atrofidan olingan mahalliy mahsulotlarni o’z ichiga olgan ko‘plab navlar bilan boyitilgan. Mardin nonushtalarining yulduzi, shubhasiz, deyarli har mavsumda mavjud bo‘lgan mahalliy pishloqlardir. Bu navlarga Mardin lavash pishlog‘i, til pishlog‘i, tuzsiz shirin pishloq va echki pishlog‘i kiradi. Nonushta tarkibiga zaatar, tabiiy sariyog‘, kunjutdan tayyorlangan suyuqlik va meva suvi (tahin pekmez), Mardin Derik zaytunlari va boshqa ko‘plab mazali yeguliklar kiradi.
Geografik ko‘rsatkichlar va noyob lazzatlar
Mardinning tarixiy tosh uylari, cherkovlari, monastirlari va masjidlari har bir sayyohni beixtiyor o‘ziga jalb qiladi. Qolaversa, Mardin oshxonasi geografik ko‘rsatkichga ega sembusek (go‘shtli pirog turi) va Mardin ichli ko‘fte (qaynatilgani ikbebet, qovurilgani esa irok deb ataladi) kabi betakror gastronomik taomlari bilan ham ajralib turadi. Ularning noyob ta’mi ajoyib taassurot qoldirishiga shak-shubha yo‘q. Shaharning eng mashhur an‘anaviy taomlari orasida esa piyoz kabobi, kibbe (ishkambali do‘lma), allujiye (olxo‘rili taom turi) va firkiye (yashil bodom bilan qo‘zichoq go‘shtili taom) kabi ajoyib lazzatlar mavjud. Ayniqsa, geografik ko‘rsatkichga ega va taxminan uch soat davomida pishiriladigan ko‘p asrlik retsept bo‘lgan qovurg‘ali do‘lmaning ta’mi bir umr og‘izda qoladi. Harire, asosan uzum shinnisidan tayyorlangan pirogga o‘xshash desert bo‘lib, odatda u kechki ovqatni tugatishning ajoyib usuli hisoblanadi. Mardinga yo‘lingiz tushganda, turk qahvasiga o‘xshash kichik stakanlarda beriladigan kuchli mirra qahvasidan tatib ko‘rishni unutmang!
“Mazali” hadiyalar
Mardin gurmanlar uchun unutilmas gastronomik sarguzashtlarni taqdim etishi bilan birga, boy oshxona merosidan bir qismini uyga olib ketish imkoniyatini ham beradi. Lahor daraxtlaridan olingan o‘simlik bo‘yoqlari bilan ko‘k rangga bo‘yalgan bodomli shirinlik va geografik ko‘rsatkichga ega Mardin bulg‘ori, jevizli sujuk (yong‘oqli kolbasa), qovurilgan no‘xat va mukofotga sazovor bo‘lgan Derik zaytun moyi o‘xshashi yo‘q hadiya bo‘lishi mumkin va shuningdek, tashrifdan keyin uzoq vaqt davomida Mardinning ta’mini qayta his qilish uchun tengsiz imkoniyatdir.