2000 yilning yoz oylarida bir guruh jangarilar yurtimiz chegaralarini buzib Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlari hududlariga kirgan va qonli to‘qnashuvlar yuz bergan edi. O‘sha shafqatsiz janglarda vatanimizning ko‘plab dovyurak, mard yigitlari qatnashdi va ayrimlari qahramonlarcha halok bo‘ldi. Halok bo‘lganlar orasida Sirdaryo o‘g‘loni Elomon Otajonov ham bor edi.
U 1978 yil 17 sentyabrda Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida tug‘ilgan. Besh farzandning to‘ng‘ichi edi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safida shartnoma asosida xizmat burchini o‘tayotgan vaqtda, ya’ni 2000 yilning 11 avgust kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumanida bo‘lgan jangovar harakatlarda dushman o‘qidan yaralanib halok bo‘lgan. Katta serjant Elomon Otajonov yurt himoyasi yo‘lida ko‘rsatgan jasoarti uchun vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.
Bir armonim bor...
Yaqinda Elomon Otajonovning onasi Yanglish opa bilan suhbatlashish uchun Mudofaa vazirligiga qarashli gospitalga bordim. Onaxon u yerda sog‘ligini tiklash uchun davolanayotgan ekan.
Yanglish Otajonova bilan Prezidentimiz 2023 yil mart oyida Surxondaryo viloyatida marhum askar va ofiserlarning oila a’zolari, yaqinlari bilan uchrashganidan so‘ng opaning dil so‘zlarini yozib olish jarayonida tanishgan edim. Yaqinda u qo‘ng‘iroq qilib: “Marhum o‘g‘lim Elomonjonga tegishli bir armonim bor. O‘zi o‘qigan maktabga farzandimning nomi berilsa, uning jasorati yoshlarga ibrat va namuna bo‘larmidi...”, dedi.
Shu qo‘ng‘iroq sabab onaxonning oldiga borib, u bilan uzoq suhbatlashdim. Yanglish opaning g‘amgin chehrasiga, ma’yus ko‘zlariga boqar ekanman, hech bir ona bolam deb bo‘zlab qolmasin, degan fikr xayolimdan o‘tdi. Uning qalbidagi adoqsiz sog‘inch, ko‘nglidagi kemtiklik va yashirin iztiroblarning nuqsi ko‘z qarashlarida qotib qolganday tasavvur uyg‘otdi menda. Go‘yo xayolimdan o‘tgan fikrni uqib olganday opa hazin ovozda shunday dedi: “Hech bir ona bolam deb bo‘zlamasin”.
— Elomonjonim na chimildiq ko‘rdi, na yor-yor sadolari ostida kuyovlik sarposini egniga ildi va na o‘zidan birgina zurriyot qoldirdi. Ammo qahramon bo‘lib bu dunyoni tark etdi. Men nurididamdan mingdan-ming roziman. To‘ng‘ichim yurti sha’nini, qasamyod qilib kiygan harbiy kiyimi hurmatini o‘z jonidan aziz ko‘rgan mard o‘g‘lon. Garchand o‘zi oramizdan ketgan bo‘lsada, uning yodi, hurmati tufayli men va otasi e’zozdamiz.
Xotira kitobida o‘g‘lim haqida ajoyib hikoya yozib qoldirilgan. Mahallamizga nomi berilgan, ta’lim olgan maktabiga byusti o‘rnatilgan. O‘g‘lim xotirasiga bag‘ishlab turli sport musobaqalari va tadbirlar o‘tkazib turiladi. Buning uchun minnatdorman. Ammo qani edi, shu o‘zi o‘qigan maktabiga nomi ham berilsa, ko‘nglimdagi armonim yuzaga chiqardi, balki o‘g‘limning ruhi ham shod bo‘lardi. Ilohim, yurtmizda hamisha tinchlik bo‘lsin, zaminimizga fayzu baraka yog‘ilsin. Bizlarni e’zozlab, sog‘ligimizni tiklash uchun ham barcha sharoitlarni yaratib berayotgan Prezidentimizning boshi omon bo‘lsin!
Elomonning otasi Xolmurod aka va onasi Yanglish opa hozir nafaqada. Ikki o‘g‘il va ikki qizni kamolga yetkazib, o‘n nevaraning suyukli bobo va buvisi bo‘lib bir-biriga suyanib umrguruzonlik qilyapti.
“Mendan xavotir olmanglar”
Elomon 1996 yili Sirdaryo tumanidagi 2-umumta’lim maktabini a’lo baholarga tamomlaganidan so‘ng oliy o‘quv yurtda tahsilini davom ettirish uchun poytaxtga keladi. Lekin o‘qishga kirish bali yetmay qishlog‘iga qaytib ketadi. Vaqtini bekor o‘tkazmaslik uchun avval xo‘jalikda ishlayotgan dadasiga ko‘mak berib dala yumushlari bilan band bo‘ladi. 1997 yilda esa ota-onasiga bildirmay, tuman mudofaa ishlari bo‘limiga borib, Qurolli Kuchlar safiga jo‘natishlarini so‘rab ariza yozadi.
Bu xabarni eshitgan onasi nega bolam bizlar bilan maslahatlashmadi deya bir oz ranjiydi. Lekin turmush o‘rtog‘i Xolmurod aka “Onasi, xafa bo‘lma, axir har bir yigit Vatani oldidagi yigitlik burchini o‘tashi kerak. Men ham o‘taganman, keyinroq ukalari ham o‘taydi, sen qaytaga xursand bo‘l, o‘z fikriga ega shunday o‘g‘ling borligiga”, degan so‘zlar bilan ayolini yupatadi.
Elomon Otajonov armiya safida bir yarim yillik xizmat burchini o‘tagach, Qurolli Kuchlar safida qolishga qaror qiladi. Serjantlar tayyorlash maktabini tugatish arafasida Mudofaa vazirligiga qarashli maxsus bo‘linmaga qabul uchun tanlov o‘tkaziladi. U bu tanlovda qatnashadi va yuqori natijalarni ko‘rsatadi. 2000 yilning yozida esa ta’til olib, yaqinlarini ko‘rish uchun uyiga qaytadi.
— O‘g‘lim kutilmaganda uyga kirib kelganida shoshib qoldim. Uni mahkam bag‘rimga bosib yig‘lab yubordim. O‘sha vaqtda otasi ikkimizning quvonchimiz cheksiz edi, — deya hikoyasini davom ettirdi Yanglish opa bir oz tin olib. — Bir-ikki kun o‘tgach ko‘nglini bilmoqchi bo‘ldim: “Sen tengilar uylanib, farzandli bo‘lyapti, bolam. Ko‘ngil qo‘yganing bo‘lsa ayt, darrov sovchilikka boraylik, bo‘lmasa o‘zim senga mos, ko‘hlikkina qizni ko‘z ostimga olib qo‘yganman”, dedim.
U esa:
— Onajon, Xudo xohlasa, albatta, to‘y qilamiz, oldin oliy ma’lumotli bo‘lay, keyin ishlab ozroq pul jamg‘aray. Yaxshi kunlarimiz hali oldinda, — dedi.
Oxirgi marta ta’tilga kelganida dadasiga “Men xizmat safariga ketyapman, sizlar bilan xabarlasha olmasligim mumkin, lekin xavotir olmanglar, yaxshilab duo qilib qo‘ysangizlar bo‘ldi”, degandi. Ota-ona duosi hamisha ijobat bo‘ladi, deyishadi. Ammo Yaratganni yozug‘i har nedan ustun ekan. Shu bo‘yi o‘g‘limni sovuq diydorini ko‘rdim. Bolaginamning yuzlari shu qadar nurli ediki, go‘yo o‘lmaganday.
Ba’zan judayam sog‘inib ketaman, ko‘rgim keladi. Oradan 25 yil o‘tyapti, ammo o‘g‘limni vafotiga sira ko‘nika olmadim. Vaqt davolaydi, vaqt shifo deyishadi. Vaqt o‘tgan sari mening dardim yangilanib, uning so‘nggi so‘zlarini eshita olmaganim yuragimga og‘ir bir tosh bo‘lib botib boryapti. Biroq, o‘z jonini yurti uchun baxshida qila olgan botir o‘g‘lim bor, degan o‘y menga hamisha mador beradi. Elomonim juda yosh ketdi, atrofga quyosh yanglig‘ nur sochib ketdi.
O‘tgan yillar ko‘ngil yarasiga malham deyishadi. Balki bu bor gapdir. Elomonning onasi bilan suhbatlashar ekanman, bunga yana bir bor amin bo‘ldim. Yurakni o‘rtab, dilni og‘ir yukday ezib turadigan farzand dog‘ini hech bir onaga ko‘rsatmasin.
Elomon Otajonov eng navqiron chog‘ida, xizmat vazifasini vijdonan bajarib, so‘nggi nafasigacha o‘z burchiga sodiq qolib, jonini fido qilgan o‘zbekning bek o‘g‘loni. U kabi jasur o‘g‘lonlar yodi xalqimiz qalbida abadiydir, Zero, mardlar o‘lmaydi, jasorati esa qalblarda mangu yashaydi.
“Men o‘lyapman o‘rtoq komandir, oilamdan xabar olib turinglar”
Maqolani tayyorlash jarayonida Elomon Otajonov bilan bir safda xizmat qilgan quroldosh do‘sti, zaxiradagi serjant Bobomurod Nurotov bilan ham suhbatlashdim: “Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlariga uyushtirilgan terrorchilar hujumida maxsus operatsiyalar batalonida xizmatda bo‘lganman. Maxsus guruhimizga Kishtut tog‘ oralarida yashirinib olgan dushmanlarni topib, bartaraf etish vazifasi topshirilgan edi. Bizning batalion maxsus operatsiyalarni bajarish uchun tayyorgarlik ko‘rardi va shu bois unga chiniqqan, tezkor qaror qabul qiluvchi yosh yigitlar saralab olingandi, — deydi Bobomurod Nuratov. — Bu voqealarni eslashning o‘zi azob. Ko‘z oldingizda do‘stingiz o‘qdan yaralanib, joni uzilsa, bu dahshat... Tog‘li hududlardagi 5 ta qishloqni jangarilar egallab olgan edi. Necha mard yigitlarining boshini yedi u bosqinchi mal’unlar. Safdoshimiz Elomon Otajonov ko‘rsatgan jasoratni esa hatto kinofilmlarda ham tasvirlab berish qiyin. Elomon bizga yo‘lboshchi edi, boshlig‘imiz sifatida dushman bilan juda yaqin masofada jang olib borgan. Harbiy guruhimiz qayerga yo‘l olsa, u yo‘l ko‘rsatar, dushman pistirmasi bor-yo‘qligi haqida bizga xabar berib turardi. Bir vaqt ratsiya orqali o‘q yegani haqida aytdi, ammo o‘sha holatda ham jangchilarimizga topshiriqlar berib, dushmanning qayerda joylashganini aytishga ulgurdi.
Tasavvur qiling, joni chiqayotganida ham u o‘z qasamiga sodiq qolib, vazifani muvaffaqiyatli ado etishga harakat qildi. Og‘ir yaralangan Elomon juda ko‘p qon yo‘qotgani bois vertolyotga ham yetmay joni uzildi. Uning oxirgi so‘zlari hamon qulog‘im ostida jaranglaydi: “Men o‘lyapman, o‘rtoq komandir, iltimos, ota-onam, uka-singillarimdan xabar olib turinglar!”
Elomon Otajonovning ota-onasi holidan xabar olib turibmiz. Jangda halok bo‘lgan safdoshlarimizning oila a’zolari bilan doimiy aloqadamiz. Vatanimiz, xalqimiz bu farzandlarini hech qachon unutmaydi. Lekin shunday jasoratli, mard do‘stlarimning o‘limi yuragimni azoblayveradi va bir o‘y meni sergaklikka chorlaydi. Bu dunyoda yurtimiz tinchligini, xalqimiz farovonligini ko‘ra olmaydiganlar haliyam bor. Shuning uchun ham hamisha va har doim sergak hamda ogoh bo‘lishimiz, ona diyorimizni ko‘z qorachig‘iday asarashimiz kerak!”
Asli Andijonning mashhur polvonlar sulolasidan bo‘lgan Bobomurod Nuratov o‘zi haqidagi suhbatni kamtarlik bilan keyinga qoldirdi:
— Singlim, olovli urushning qismatimdagi iztirobli achchiq voqealarini boshqa safar aytib berarman...
Elning er o‘g‘loni
Elomon tug‘ilganda qo‘ni-qo‘shnilar shunaqayam g‘alati ism bo‘ladimi deya hayron bo‘lgan. Otasi Xolmurod aka o‘g‘lim, el omonligi, obodligi, osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilsin, ismiga munosib farzand, suyanchimiz bo‘lsin deb ich-ichidan niyat qilgan ekan.
Yaqinlari orzu qilgandek yigit bo‘lib kamolga yetgan Elomon harbiy xizmatga ketgunga qadar ota-onasiga yaqin ko‘makchi, ro‘zg‘or ishlarida kamarbasta bo‘lgan. Dalada ular bilan yonma-yon mehnat qilgan. Ukalari va singillariga sirdosh, himoyachi edi. Tug‘ilgan kuniga bir oy qolganida esa o‘sha mash’um voqea sodir bo‘lib, o‘z ismiga monand el omonligi va yurt tinchligi yo‘lida yoshgina jonini fido qildi.
Elomon Otajonovning ukasi Yusuf Otajonov akasining sharafli o‘limidan so‘ng o‘zining harbiy bo‘lish haqidagi fikrini qat’iy amalga oshirdi. 2000 yilda u ham harbiy xizmatda edi. “Akangni ahvoli og‘ir, tez yetib kelishing kerak”, degan xabarni eshitgan zahoti ming bir hadik va xavotirda yo‘lga chiqqan Yusuf, akasining motam marosimi ustiga kirib keladi...
Yusuf muddatli harbiy xizmatini o‘tab bo‘lgach, akasi va o‘zining orzusini amalga oshirish istagida Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtiga o‘qishga kirdi.
O‘qishni tamomlagach uzoq yillar Vatan himoyasi yo‘lida faoliyat olib bordi. Bugun esa nafaqada. Ota-onasi, oilasi, farzandlari va nevaralari davrasida akasi Elomon haqidagi bolalik xotiralarini so‘zlaydi, yurti uchun jonini qurbon qilgan jasur o‘g‘lonning ukasi ekanligidan faxrlanaib yashaydi.
Millat qahramonlarini unutmaydi!
Mardlar jasorati hech qachon unutilmaydi. Chunki yurtning tinchligini asrash, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash oson ish emas. Bu yo‘lda halok bo‘lgan Vatan o‘g‘lonlari, jasur harbiylarimizni yodga olmoq insoniy burchimizdir.
Aslida bu omonat dunyoda odamzotning hayoti qancha yil yashagani, boyligi, lavozimi bilan o‘lchanmaydi. Inson uchun qancha emas, qanday umr ko‘rgani, qanday yashagani muhim. O‘z jonini Vatanining osoyishtaligi, elining farovonligi yo‘lida fido qilgan mard insonlar hayoti ibrat kitobining xotira sahifalarida muhrlanib qoladi.
Maqolani Prezidentimizning joriy yil may oyida Gʻalaba bog‘ida “Millat fidoyilari” yodgorligining ochilishi marosimida aytgan so‘zlari bilan yakunlamoqchiman: “Mustaqillik yillarida aziz jonini ayamasdan, bizning tinchligimiz va osoyishtaligimizni asrash yo‘lida qahramonlik ko‘rsatgan mard va jasur farzandlarimizning muborak xotirasi oldida chin dildan ta’zim qilaman. Takror va takror aytishdan charchamayman: biz bunday qahramon o‘g‘lonlarimizni hech qachon unutmaymiz. Ular doimo biz bilan birga yashaydi. Vatanimizga har tomonlama munosib qahramon o‘g‘lonlarimizga shon-sharaflar bo‘lsin!”.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri










