– Rahimjon, xushchaqchaq va shirinsuxan hamda odamlarga nisbatan mehribon edi, – deydi Toshkent shahar FVB noziri kichik serjant Laʼlixon Xolmuhammedova. – Oʻqish davrida qiynalganlarga yordam berar, zaifroq va boʻshang sinfdoshlarini yuqori sinf oʻquvchilari hamda bezorilardan himoya qilar edi. Bir marta sinfdoshlarini katta bolalar qoʻrqitib choʻchitganda, ularni kechirim soʻrattirgandi.
Rahimjonni yoshligida dadasi Karimjon aka “Sport bilan shugʻullanishing oʻzingni koʻz-koʻz qilishga emas, balki zaif va ojizlarni zoʻravonlardan himoya qilish uchun”, deb, oʻgʻlini karate toʻgaragiga bergan edi. U kishi shahardagi katta avtokorxonaning harakat xavfsizligi boʻyicha muhandisi boʻlib ishlardi. Rahimjon dadasini xizmat kiyimida yuradigan DAN xodimlari bilan bevosita aloqa qilgani uchun, ofitserlar bilan tez-tez muloqot qilib turardi. Rahimjon ularga havas bilan qarar, kelajakda, albatta, xizmat kiyimini kiyaman derdi.
Maktabni tamomlab, u haqiqiy harbiy xizmatga ketdi. Xizmatni oʻtab boʻlgach, Ichki ishlar vazirligining maxsus boʻlinmasiga ishga kirdi. Unga yuksak ishonch bildirib, leytenant harbiy unvonini berishdi. Leytenant olgan kuni Rahimjondan baxtli inson boʻlmagan. Uning azaliy orzusi IIV Akademiyasida sirtdan oʻqish edi. Oʻsha vaqtlarda maxsus boʻlinma xodimlari sirtdan oʻqishar edi. Mirobod tumanining Sarikoʻl mahallasidagi mahalladoshi Zumrad Xolmuhammedovani koʻrganda Rahimjon: “Opajon! Men siz ishlayotgan Akademiyaga, albatta, oʻqishga kiraman!», der ekan.
Kunlar shu zaylda oʻtaverdi. Noyabr oyining oʻrtalarida havoning avzoyi buzilib, yomgʻir yogʻa boshladi. Kech kuz emasmi, havo birdaniga sovib ketdi. Bir kuni harbiy qismda toʻsatdan “yigʻin” signali chalinib, hammani saf maydoniga toʻplashdi. Rahimjon ham zudlik bilan saf maydonidagi belgilangan joyiga yetib keldi. Komandirlar koʻp gapirmasdan kerakli buyruqlarni berib, maxsus boʻlinma xodimlarini qurollantirib, jangovar vazifani bajarishga yoʻnaltirishdi. Harbiylar ortiqcha savol bermasdan, mashinalarga chiqib, Toshkent viloyatining Angren shahri tomon joʻnab ketishdi.
Yetib borgach maʼlum boʻldiki, bir guruh terrorchi jangarilar qoʻshni davlat hududidan bizning togʻlarga suqilib kirgan ekan. Yangiobod shaharchasining yuqorirogʻida joylashgan qoʻriqxona hududida oʻrmonchilarga yoʻliqib, ularning baʼzilarini garovga olib, baʼzilarini otib oʻldirishgan ekan. Otishma chogʻida bir oʻrmonchi jangarilarning kattasini yarador qiladi. Jangarilar oʻz boshliqlariga Angren shahridan shifokor keltirish maqsadida togʻdan pastga tushishadi. Shunda mahalliy ichki ishlar idoralari xodimlari bilan toʻqnash kelishadi va oʻrtada otishma boʻladi. Toʻqnashuvda uch nafar ichki ishlar xodimi halok boʻladi. Ofitserlar xizmat mashinasidan tushmayoq, pixini yorgan jangarilarning pistirmadan otgan oʻqiga uchishadi.
Bu toʻqnashuvning guvohi boʻlgan mahalliy choʻpon-choʻliqlar bu haqda viloyat IIBga xabar berishadi. Ichki ishlar vazirligi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi oyoqqa turib, bu jinoiy guruhni yoʻq qilish rejasini tuzishadi. Hudud archazor, qaragʻayzor va qayinzor bilan qoplangan boʻlib, jangarilar suvga tushgandek gʻoyib boʻlishadi. Tezkor-qidiruv ishlari boshlanib ketadi, lekin jangarilar hech qayerda yoʻq edi.
1999-yil 22-noyabr kuni “Rodnichok” dala-hovlilar majmuasida, oʻsha vaqtdagi Ichki ishlar vaziri general-polkovnik Zokirjon Almatov ikki qavatli dala hovli yonida tezkor yigʻilish oʻtkazadi Tezkor yigʻilishda viloyat IIB boshligʻi general mayor Komiljon Xidiraliyevning taklifi bilan, majmuadagi har bir binoni tekshirib chiqish vazifasi qoʻyiladi, yaʼni “Tozalash” tadbiri belgilanadi. Toqqa tutash qayinzorda jangarilarning bir guruhi aniqlanadi va harbiylarimiz ularni yoʻq qilish chorasini koʻrishadi. Jang maydonida yettita jangarilarni boshligʻi bilan jasadlari topiladi. Yana bir qancha jangari yashirinishga ulguradi.
Qolgan jangarilarni topish maqsadida qidiruv ishlari yana davom ettiriladi. Yana binolarni tekshirish boshlanadi. Hamma binolar va chala imoratlar ham nazardan chetda qolmaydi. Biroq jangarilar suvga tushgandek gʻoyib boʻlishgan edi. Tezkor maʼlumotlarga qaraganda ular oʻn toʻrt yoki oʻn besh kishi boʻlgan. Jangarilar izsiz yoʻqolishi mumkin emas edi. Yana bir boshidan tekshirishga kirishildi.
Bu paytda Rahimjon Toʻlaganov kechagina vazir yigʻilish oʻtkazgan dala hovlini yana boshqatdan koʻzdan kechirishni boshlaydi. Yertoʻlasi bilan uch qavatli binoning har burchagini tekshirish maqsadida, ikkinchi qavatga koʻtariladi. Uning ortidan xizmatdosh quroldoshlari ham kelishayotgandi. Ikkinchi qavatda supalar qilingan boʻlib, dam oluvchilarga qulay sharoit yaratilgan edi. “Yozda salqinlash uchun qilingan boʻlsa kerak”, deb oʻyladi leytenant. Xonani nazar tashlab tekshirayotgan vaqtda bir narsa lip etgandek boʻldi. Kech tushib qolgani uchun Rahimjon supaning tagidagi polga qapishib olgan toʻrt nafar jangarini nimqorongʻida koʻrmay qoldi.
Jangarilar tish-tirnogʻigacha qurollangan edi. Es-xushini yigʻib olganda, jangarilar granata uloqtiradi. “Yigitlar! Granata!», degancha Rahimjon koʻksini qalqon qilib, granataning ustiga tashlanadi. U shunday qilmasa, orqasidan kelayotgan quroldoshlari xalok boʻlishi mumkin edi. Yosh ofitser tanasi ostidan boʻgʻiq portlash ovozi eshitildi va oskolkalar uning gavdasiga sanchildi. Rahimjon bu harakati bilan toʻrt nafar xizmatdoshlarini hayotini saqlab qoldi, lekin ўзи...
Bu bir zumda sodir бўлди... Rahimjonning koʻz oldi qorongʻulashib ketdi. Jon holatda turishga harakat qildi, lekin tura олмади... Yoshligi, bogʻcha, maktab va harbiy xizmati oʻtdi. Onasining mehr toʻla koʻzlari va issiq qoʻllari, otasining viqorli va salobatli gavdasi, fotiha qilingan boʻlgʻusi yorining gulgun chehrasi, sinfdosh va quroldosh doʻstlari, sokin Sarikoʻl mahallasi, ona shahri Toshkentning gavjum koʻchalari hamma-hammasi birma-bir koʻz oldidan oʻtdi.
Rahimjon bor yoʻgʻi 24-yil umr koʻrdi, lekin uning umri mangulikka dahldor boʻldi.
– Men harbiy xizmatni maxsus boʻlinmada Rahimjon Toʻlaganov bilan birga boshlaganman. U juda chaqqon va epchil, istiqboli porloq yigit hamda yaxshi harbiy xizmatchi edi, – deb eslaydi Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti kafedra boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Azizjon Anarkulov. – Oʻsha mashʼum kunda u bilan birga Ravil Vasilev va Dmitriy Voroninlar ham xalok boʻlishdi. Bu uchovlon xizmat qilgan harbiy qism endilikda Milliy gvardiyaga qarashli. Ularning xotirasini abadiylashtirish uchun kerakli ishlarni amalga oshirilganiga shubha qilmaymiz.
Avvallari xalok boʻlgan harbiy xizmatchilar oʻzi xizmat qilgan harbiy qismga abadiy roʻyxatga kiritilib qoʻyilardi. Saf koʻrigi vaqtida familiyasi oʻqilsa, bir harbiy xizmatchi: “Ona-Vatan ozodligi, mustaqilligi va suvereniteti uchun janglarda xalok boʻldi!», derdi.
Rahimjon Toʻlaganov, Ravil Vasilev va Dmitriy Voroninlar bizning zaminimiz farzandi, shuning uchun ular hamisha yodimizda.
Toʻlqin Saydaliyev,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
Xurshid Mamatqulov,
pedagogika fanlari doktori, dotsent