Amerikalik olimlarning Toshkent tibbiyot akademiyasi professor-oʻqituvchilari bilan ilmiy-amaliy uchrashuvlari ham sermazmun kechdi. Delegatsiya aʼzolari akademiya ilmiy-pedagogik jamoasining oʻqitish metodikasi, kafedralardagi amaliy jarayonlar bilan yaqindan tanishdilar. Klinik bazalar ishini borib koʻrdilar.

Boshqa oliy taʼlim muassasalaridan farqli oʻlaroq, pandemiya jarayonidagi oʻqitish metodikasi tibbiyot yoʻnalishidagi universitetlar ilmiy-pedagogik jamoasi zimmasiga qanday masʼuliyat yuklashi haqida epidemiolog olim Margaret Mak Donaldning samimiy fikrlari eʼtiborimizni tortdi:

— Bu yerga manfaatli hamkorlik qilish uchun keldik. Pandemiya bizga koʻp narsalardan saboq chiqarish, odatiy ishlarimiz va taktik uslublarga boshqacha yondashishni oʻrgatyapti. Xususan, biz, tibbiyot oliygohlari pedagoglari onlayn usulda ham tibbiyot fanlarini chuqurroq va samaraliroq oʻqitish mumkinligini tushunib yetdik. Bizning universitetimiz talabalari singari TTA talabalari ham anʼanaviy darslarni intiqlik bilan kutayotganiga ishonchim komil. Tan olish kerakki, onlayn darslar ilmiy-anʼanaviy darslar oʻrnini toʻliq bosa olmaydi. Shunday boʻlsa-da, vaziyatdan kelib chiqib oʻqitishning qulay va samarali usullarini topishimiz zarur. Bugun akademiya oʻqituvchilari bilan uchrashuv jarayonida oliy hamshiralik kurslari haqidagi qiziqarli maʼruzalarni maroq bilan tingladim. Magistrlar bilan ochiq muloqotdan taʼsirlandim. Sizlarda yaxshi mutaxassislar tayyorlashga astoydil kirishilgani sezilib turibdi. Yoshlarning fikri teran, muhimi, ular ilmiy izlanishda. Bunga hamshiralik yoʻnalishidagi muzokaralarimizdan soʻng yana bir karra amin boʻldim. Bizda ham hamshiralik kurslari mavjud. Faqat 4 yillik. Hamshiralarni oliy toifadagi, amaliyot koʻrgan hamshiralar oʻqitadi. Sizlarda biroz boshqacharoq. Kafedralarda 3 yillik hamshiralik kursi tinglovchilariga shifokor pedagoglar dars berar ekan. Biz TTA professor-oʻqituvchilari bilan bu masalada ham tajribalar almashishga kelishib oldik. Taklifim - hamshiralarni malakali, tajribada sinalgan oliy toifali hamshiralar tayyorlasin. Oʻz amaliyotidagi tajribalarini oʻrgatsin. Zero, bu jarayonda koʻproq amaliyot muhim.

Tashrifning birinchi kuni Toshkent tibbiyot akademiyasi bilan Pittsburg universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

1787-yilda tashkil etilgan Pittsburg universiteti AQSHning Pensilvaniya shtatida joylashgan. 17 ta kollej va maktabdan iborat oliygohda bugungi kunda 35 mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda. Universitetning tibbiyot fakulteti AQSHning eng yaxshi tibbiyot maktablari qatoriga kiritilgan. Shuningdek, u dunyoning eng yaxshi universitetlari orasida 156-oʻrinni egallaydi. 2021-yilda Pittsburg universiteti AQSH davlat tadqiqot universitetlarining eng yuqori klasteriga kirdi.

Pittsburg universiteti delegatsiyasi 23-mayga qadar yurtimizda boʻladi.

Munojat MOʻMINOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri