Marg‘ilonda Bursa Uludag‘ universitetining filiali ochiladi

    Xalqaro hamkorlik 5 Iyul 2020 1850

    Farg‘ona viloyati hokimligi, Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Turkiya Respublikasining Bursa viloyati hokimligi, Bursa Uludag‘ universiteti prorektori, Bursa savdo-sanoat palatasi vakillari ishtirokida onlayn videokonferensiya shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbir Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati manbasiga asoslanib.

    Unda viloyat hokimining o‘rinbosari M.Abdurahmonov Farg‘ona viloyati to‘g‘risida qisqacha so‘zlab, o‘zbek va turk xalqlarini azaliy do‘stlik, birodarlik hamda qardoshlik rishtalari o‘zaro bog‘lab turishini, har ikki xalqning dini bir, madaniyati, urf-odatlari o‘xshash ekanligini ta’kidladi. Turkiyaning rivojlangan sanoati, transport kommunikatsiyalari, dengiz yo‘llari, qishloq xo‘jaligi, turizm salohiyati, ulkan davlatchilik tajribasi O‘zbekiston uchun dolzarb ahamiyatga ega ekanligi xususida ham aytib o‘tdi.

    Mamlakatimiz Turkiyani Markaziy Osiyoda eng asosiy sheriklaridan biri deb biladi. Oxirgi uch yil ichida yurtimizning ulkan bozori, tobora liberallashib borayotgan iqtisodiyoti, qulay investitsiyaviy muhiti, O‘zbekiston—Turkiya munosabatlari rivojlanib borayotganligi hamda o‘sish darajasi o‘zaro hamkorlikning barcha jabhasida ko‘zga yaqqol tashlanayotganligi haqida ham fikrlar bildirildi.

    Uchrashuvda Marg‘ilon shahrida ochilishi rejalashtirilayotgan Turkiyaning Bursa Uludag‘ universiteti filiali haqida muzokaralar olib borildi.

    Har tomonlama aloqalarni rivojlantirish maqsadida Bursa savdo-sanoat palatasi hamda Savdo-sanoat palatasi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi bilan yaqin kunlarda onlayn videokonferensiya tashkil qilish, viloyatlarimiz rahbarlari ishtirokida navbatdagi kengaytirilgan videokonferensiya o‘tkazilishi ham rejalashtirilib olindi.

    Marg‘ilon shahrida Bursa Uludag‘ universitetining tekstil muhandisligi, pillachilik sanoati, ipak qurti zoti duragaylarini yaratish, to‘qimachilik marketingi, dizaynerlik va savdosi yo‘nalishlari bo‘yicha filialini ochish yuzasidan elektron bitim imzolandi.