Margʻilondan respublikada birinchi boʻlib Xitoyga ipak mahsulotlari eksport qilish boʻyicha shartnoma imzolandi

    Biznes 27 Iyul 2021 868

    “Nurli tong silk” MCHJ pillachilik klasteri Margʻilon shahrida joylashgan. Korxona 2020-yilda Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Vyetnam, Misr singari davlatlarga 3 million dollarlik tayyor va yarim tayyor ipak mahsulotlari eksport qildi.

    Jarayon 2021-yilda ham davom etib, olti oyda yana 1 million 200 ming dollarlik mahsulot eksportga chiqarildi.

    Klaster tomonidan Oʻzbekiston, Furqat, Rishton, Qoʻshtepa tumanlari hamda Quvasoy shahrida oʻzaro shartnoma asosida bu yil 561 tonna pilla xomashyosi yetishtirildi.

    Hozirgi kunda korxona tasarrufida 5 ta hududda 1 ming 300 gektardan ortiq tutzorlar bor. Ozuqa bazasini yaxshilash maqsadida 70-80 foizi maʼnan eskirgan tutzorlar oʻrnida yangi tut plantatsiyalari tashkil etildi. Shu maqsadda birgina oʻtgan yilning oʻzida Xitoydan 700 ming dollarlik tut koʻchatlari keltirildi. Ipak qurti urugʻi yetishtirish toʻliq mahalliylashtirildi va zamonaviy laboratoriyalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

    -Pillachilik klasteri tomonidan bir mavsumda 13 ming quti ipak qurti boqilib, 13 mingta mavsumiy ish oʻrni yaratiladi. Bundan tashqari, “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida oila bekalarini kasanachilik asosida ishga olganmiz, - deydi korxona rahbari Maqsudjon Qosimov.

    Korxona respublikada birinchi boʻlib Xitoyga katta miqdorda shoyi, satin, atlas va adras kabi tabiiy ipak mahsulotlari eksport qilish boʻyicha shartnoma imzoladi. Shu kunlarda mahsulotning bir qismini Xitoyga joʻnatish rejalashtirilmoqda. Yaqin istiqbolda korxona rahbariyati Xitoy va Janubiy Koreya bozorida mustahkam oʻrin egallashni maqsad qilgan, deya xabar beradi viloyat hokimligi matbuot xizmati.