Davlatimiz tomonidan mehnat munosabatlarini tartibda soluvchi qonun hujjatlari qabul qilinishida avvalambor mehnat munosabatiga kiruvchilarning huquq va manfaatlari himoya qilish va taʼminlashga eʼtibor qaratiladi.

Oʻz navbatida mamlakatimizda xodimlarning mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni toʻlash tartib tamoyili qonun va qonun osti hujjatlari bilan tartibga solingan.

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan ushbu kasallikka qarshi kurashish uchun tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari jalb qilinib kelinyapti.

Oʻz oʻrnida ushbu xizmatga jalb etilgan xodimlarning manfaatlarini himoya qilish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bir qator hujjatlar qabul qilindi.

Oʻz navbatida xodimlarning sogʻligʻiga tiklash, yetkazilgan zararni bartaraf etish choralari koʻrilyapti hamda tegishli toʻlovlar toʻlab berilyapti.

Ammo ayrim holatlarda xodimlarning huquqlari sud orqali himoya qilinyapti.

Shu oʻrinda quyidagi bir holatga toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Tibbiyot xodimi koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan ushbu kasallikka qarshi kurashish uchun maxsus tashkil etilgan tibbiyot muassasasiga ishga jalb etiladi.

Oʻz mehnat vazifasini bajarish davomida unda yoʻtal, holsizlik, tez-tez terlash, ishtahasizlik, kechga borib tana haroratini koʻtarilishi, nafas yetishmasligi va oyoqlarda quvvatsizlik belgilari yuzaga keladi.

Oʻtkazilgan tekshiruvga koʻra unda COVID-19, ikkala oʻpka shifoxona ichi pnevmoniyasi tashxisi qoʻyiladi va uning sogʻligʻini tiklash borasida tibbiyot muassasasida davolash muolajalari olib boriladi.

Oʻtkazilgan davolash muolajalariga qaramasdan tibbiyot xodim
COVID-19 nafas yetishmovchiligi tashxisi bilan vafot etadi.

Marhum tibbiyot xodimining qaramogʻida boʻlgan oila aʼzolar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilangan bir martalik kompensatsiyani olish uchun qilgan murojaatlari ijobiy hal boʻlmagach, marhumning oila aʼzolari bir martalik kompensatsiyani undirish uchun sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan 2020-yil 30-aprelda tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining 20-sonli bayoniga 1-ilova «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida”gi vaqtinchalik Nizomning 31-bandi, 3-xatboshisiga koʻra, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirish natijasida ogʻir ahvolga tushgan va sogʻligi tiklanmagan taqdirda xodimlarga yoki ularning oila aʼzolariga 250 million soʻm miqdorida bir yoʻla beriladigan toʻlov beriladi.

Mazkur nizomning 35-bandiga koʻra, bir yoʻla toʻlanadigan toʻlovni toʻlash uchun koronavirus infeksiyasini yuqtirgan xodimning asosiy ish joyi (yoki uni jalb qilgan tashkilot) xodim koronavirus infeksiyasini ish faoliyati mobaynida yuqtirganligi yuzasidan sanitariya-epidemiologiya xizmatining xulosasiga asosan qabul qilingan Vazirlik buyrugʻi hamda talab etiladigan mablagʻlar boʻyicha soʻrovni tegishli moliya organiga taqdim etadi. Bunda sanitariya-epidemiologiya xizmatining 3 nafardan kam boʻlmagan xodimlardan iborat komissiyasi tuziladi. Bir yoʻla toʻlanadigan toʻlovni toʻlash uchun koronavirus infeksiyasini yuqtirgan xodim toʻgʻrisida komissiya xulosasida: ishga jalb etilishidan oldin topshirgan test-sinov (PZR) natijasi, ish jarayonida olingan test-sinov natijalari hamda u ijobiy boʻlgan taqdirda (koronavirus kasalligi inkubatsion davrini inobatga olgan holda) davolash jarayonida yuritilgan kasallik tarixi xulosa rasmiylashtirilayotgan jarayonda koʻrsatib oʻtilishi shart.

Marhumning oila aʼzolari tomonidan sudga berilgan daʼvo arizasi koʻrib chiqilib Jizzax tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan 250 million soʻm bir martalik kompensatsiya undirish belgilangan.

Sobir Nabiyev,

Jizzax viloyati sudi sudyasi.