Xiyobon boʻylab yurib borar ekansiz, goʻyo bu maskan yurtimiz tinchligidan yana bir karra guvohlik berib turgandek tuyuladi. Ichkarilagan sari har biri oʻzining salmoqli ijodi va ulkan qalbidan darak berayotganday – atoqli adiblarimiz haykallari, xuddiki buyuk mutafakkir Alisher Navoiy mashvaratida soʻz tinglab, mushohada etib, qad rostlab turibdi.
Bu maskanda oʻzingizga, aytayotgan gaplaringizga eʼtiborli boʻlasiz. Goʻyo toza, sokin havoga ijodkorlarning oʻtkir nafasi, ijod xayollari qoʻshilib ketgandek.
Ushbu maskanga kelib ziyorat qiluvchilarning keti uzilmaydi. Yoʻlaklar boʻylab farzandlari, nabiralarini boshlab yurgan, adiblar siymosiga qarab turib nimalarnidir soʻzlayotgan otalar, onalarni koʻrib xushnud boʻlasiz. “Bu yozuvchining mana bunday asarini oʻqiganman”, “Shu shoirdan biror sheʼr aytib berasanmi, bolam”, degan kabi soʻzlar quloqqa chalinadi.
Bundan tashqari, xiyobon deyarli har kuni oliy taʼlim muassasalari talabalari, oʻquvchilar, harbiy qismlar xodimlari va harbiy sohadagi taʼlim muassasalari talabalari, turli tashkilot xodimlari jamoalari bilan gavjum boʻladi. Adiblar haykallarining har biri – Alisher Navoiydan tortib Muhammad Yusufgacha – oliy taʼlim muassasalariga biriktirilgan. Mazkur taʼlim muassasalari talabalari tegishli adib ijodini oʻrganish, targʻib etish bilangina cheklanmay, tadqiqotlar olib bormoqdalar. Buni haykallar atrofida tashkil etilayotgan ilmiy, maʼrifiy, badiiy tadbirlarda bilib olish mumkin.
Mamlakatimizda yosh ijodkorlarga boʻlgan eʼtibor har doimgidan-da yuqori. Yoshlar orasida xalqimiz farovonligi, hayotimizning yanada gullab-yashnashi, tinchlik-xotirjamlik hukmron boʻlishi uchun yaxshi tashabbuslarni ilgari suradigan yoshlarga cheksiz imkoniyatlar yaratilmoqda. Intellektual salohiyatni yuksaltirish, kitob oʻqish madaniyatini yanada oʻstirish boʻyicha loyihalar, ayniqsa, atroflicha qoʻllab-quvvatlanadi. Koʻpincha, yaxshi tashabbuslar adabiy ijodga aloqador, koʻzi yonib turgan, koʻp kitob oʻqigan yoshlardan chiqadi.
Xususan, badiiy ijodning biror yoʻnalishida qalam tebratadigan yoshlarning qarashlari oʻziga xos, soʻzni qadrlaydigan, har bir hodisa va holatga teran nigoh bilan qaraydigan, bir-birlarini yaxshi tushunadigan boʻlishadi. Ularning davrasi ham oʻzgacha shukuhli. Bunday yoshlar uchun oʻz isteʼdodini namoyon qilishiga imkon yaratish eng zaruriy vazifalardan biri edi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Yosh ijodkorlar bilan ishlash boʻlimi 2021-yildan boshlab Respublikamizning turli joylarida yashab, badiiy ijod bilan shugʻullanayotgan yosh ijodkorlar uchun xayrli bir tashabbusni yoʻlga qoʻydi. Unga koʻra, haftaning shanba kunlari yosh shoirlar va adabiy ijod ixlosmandlari uchun “Xiyobon oqshomlari” ijod kechalari oʻtkazib kelinmoqda. “Xiyobon oqshomlari” sheʼriyat kechasi mamlakatimiz yoshlari qalbida adabiyotga mehr-muhabbatni yanada oʻstirish, yangi ijodkorlarni kashf qilish va qoʻllab-quvvatlash, kitobxonlikni targʻib qilish, shuningdek, yosh ijodkorlarning oʻzaro tajriba almashishiga imkoniyat yaratish maqsadida tashkil etilgan. Ochiq osmon ostida, xushmanzara daraxtlar soyasida, ustoz ijodkorlarning haykallari qoshida boʻlib oʻtayotgan “Xiyobon oqshomlari”da yosh shoirlar navbatma-navbat oʻz ijodidan, ustoz yo tengdosh shoirlar sheʼrlaridan aytadi. Oʻzidan keyingi navbatni oʻzi belgilaydi, yaʼni oʻzi ijodini yaxshi koʻrib mutolaa qiladigan ijodkorga uzatadi. Sheʼriyat oqshomi ana shu tarzda oʻzini oʻzi boshqaradi. Bu jarayon koʻplab isteʼdodli yoshlarni saralashga ham xizmat qilmoqda. Yosh shoirlar oʻzining ijodi toʻgʻrisida uni tinglab oʻtirgan adabiyotshunoslar, ustoz shoirlardan fikr-mulohaza tinglab, saboq chiqarmoqdalar.
Har safar “Xiyobon oqshomlari”ga ustoz adiblar, adabiyotshunoslar, noshirlar, nashriyot jamoalari, taniqli sanʼatkorlar mehmon boʻladi. Adabiy kechalarda 40 ga yaqin shoirlar va adabiyotshunoslar ishtirok etdi. Jumladan, adabiyotshunoslar Qozoqboy Yoʻldoshev, Olim Toshboyev, Musulmon Namoz, Olimjon Davlatov, isteʼdodli shoirlar Sirojiddin Rauf, Axtamquli Karimov, Salim Ashur, Zilola Xoʻjaniyozova, Orif Toʻxtash, Gʻayrat Majid, Oydinniso, xonandalar Mahmud Namozov, Baxtiyor Rahmon va boshqa ijodkorlar sheʼr kechalarining mehmoni boʻlib, yosh isteʼdodlarning ijodidan bahramand boʻldilar.
Har bir kechada faol ishtirok etgan yosh shoirlarga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan nashr etilgan kitoblardan tarqatilmoqda. Shuningdek, oqshomda mehmon boʻlgan nashriyotlar bilan hamkorlik ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Mushoira kechalari Ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda muntazam ravishda yoritib boriladi. Keyingi vaqtda bu davrada ishtirok etish istagini bildirgan ziyolilar, turli jamoalar soni koʻpaymoqda.
Badiiy ijod sohasida oʻz yoʻlini topishga intilayotgan yoshlar uchun Uyushma qoshida sheʼriyat sohasi uchun “Onajonim – sheʼriyat”, “Umid”, “Yosh munaqqid” kabi toʻgaraklar ham samarali faoliyat olib bormoqda. Yaxshi tomoni, bu mashgʻulotlar internet tarmoqlari orqali olisdan ishtirok etuvchilar uchun ham uzatiladi. Mashgʻulot va suhbatlarda Koreya, Rossiya, Qirgʻiziston, Turkiya davlatlaridan ham yosh ijodkorlar qatnashishmoqda. Ayni kunlarda mazkur ijodiy toʻgaraklar faoliyatini yanada yaxshilash yuzasidan zarur ishlar amalga oshirilmoqda.
2022-yilning boshida Yozuvchilar uyushmasi raisining Yosh ijodkorlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari B.Ergashev rahbarligida Uyushmaning barcha hududiy boʻlimlari masʼullari bilan internet orqali yigʻilish oʻtkazildi hamda “Xiyobon oqshomlari” loyihasi asosida shunday erkin koʻrinishdagi adabiy kechalarni Respublikaning barcha hududlarida oʻtkazish yuzasidan topshiriq berildi.
Yozuvchilar uyushmasining hududiy boʻlimlari tomonidan boshqarib borilayotgan ushbu kechalar har oyda bir marta oʻtkazilib, hududdagi yosh ijodkorlarni bir joyga jamlash, oʻzaro fikr almashish va qizgʻin davralar tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Sheʼriyat kechalari Respublikamizning turli joylarida joy nomidan kelib chiqib turlicha nomlangan. Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Nukus oqshomlari”, Andijonda “Andijon oqshomlari”, Buxoroda “Buxoro oqshomlari”, Jizzax viloyatida “Jizzax oqshomlari”, Navoiy viloyatida “Qizilqum oqshomlari”, Sirdaryoda “Guliston oqshomlari” nom olgan kechalar yosh ijodkorlarga oʻzgacha ruh, kayfiyat, ilhom bermoqda. Shu bilan birga, yoshlar davralarda oʻz sheʼrini oʻqish, ravon soʻzlash, notiqlik koʻnikmalariga ham ega boʻlib borishmoqda. Yoshlar oʻz zamondoshlari ijodiga erkin fikr bildirmoqdalar. Bu kechalar mavsumga qarab viloyat markazlaridagi soʻlim xiyobonlarda, ijodkorlar haykallari qoshida, ijod maktablarida, kutubxonalarda, Madaniyat saroylarida, Yoshlar markazlarida, Ijodkorlar bogʻlarida, Matbuot uylarida, Maʼnaviyat va maʼrifat markazlarida oʻtkazilmoqda.
Yozuvchilar uyushmasi Yosh ijodkorlar bilan ishlash boʻlimi “Xiyobon oqshomlari” loyihasi doirasida olti oylik yakunlarida noanʼanaviy festival tashkil etishni rejalashtirgan. Festival doirasida hozirgi kunda mahallalardan boshlab oʻtkazib kelinayotgan “Mushoira” tadbirlari gʻoliblari hamda loyihaning eng faol ishtirokchilarini qoʻllab-quvvatlash, ularni munosib ragʻbatlantirish koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga ushbu loyihada faol boʻlib oqshomning har bir sonida ijodi bilan qatnashib kelayotgan hamda davralar orqali ham oʻz oʻquvchilarini topayotgan isteʼdodli yoshlar ijodidan jamlangan “Xiyobon oqshomlari” nomli bayoz-toʻplam nashrga tayyorlanmoqda. Rejaga koʻra, 2022-yildan boshlab bu toʻplam har yili nashr etiladi.
Maʼmura Zohidova,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Yoshlar boʻlimi xodimi