Xususan, haftalik dars jadvalidan mustahkam o‘rin olgan “Kelajak soati” mashg‘ulotlari o‘quvchilarning nafaqat zamonaviy bilimlarni egallashi, balki milliy o‘zlikni anglashida ham muhim maydonga aylandi. Yil davomida o‘tilgan darslar silsilasi yoshlar qalbida vatanparvarlik, onaga hurmat va kitobga muhabbat tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qildi. Quvonarlisi, ushbu darslarning tizimli va yuqori saviyada tashkil etilishida maktabimiz rahbariyati bosh-qosh bo‘ldi. Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi 78-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Ikromov Komiljon Aminjonovich shaxsan o‘zi ham o‘quvchilarga “Kelajak soati” darslarini o‘tib, yoshlarga o‘zining hayotiy tajribalari, kasb tanlash sirlari va muvaffaqiyat omillari haqida mahorat darslarini o‘tib berdi. Rahbarning bevosita dars jarayonida ishtirok etishi o‘quvchilarning mas’uliyatini oshirish bilan birga, ularga katta motivatsiya bag‘ishladi. Darslarimiz taqvim rejasiga muvofiq, yil davomida har bir muhim sana va mavzuga alohida yondashildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan o‘tkazilgan “Muqaddasdir vatan bayrog‘i” mavzusidagi mashg‘ulotlar o‘quvchilarda milliy g‘urur tuyg‘usini yanada jo‘sh urdirdi. Darslarda milliy ramzlarimizning yaratilish tarixi, ularning xalqaro maydondagi o‘rni va qadri haqida slaydlar hamda qisqa metrajli hujjatli filmlar namoyish etildi. Yanvar oyida an’anaviy tarzda nishonlanadigan Vatan himoyachilari kuni arafasidagi “Kelajak soati” darslari esa yoshlar qalbida sadoqat va mardlik fazilatlarini shakllantirishga bag‘ishlandi. Unda bugungi tinch hayotimizning qadriga yetish, har bir yosh yigit kelajakda yurtining haqiqiy qalqoni bo‘lishi kerakligi hayotiy misollar va interfaol o‘yinlar orqali tushuntirildi. Bu darslar yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularini keskin oshirdi.
Bahor elchisi bo‘lgan 8 mart bayrami arafasida esa “Kelajak soati” butunlay o‘zgacha, go‘zal ruh oldi. “Muqaddas ayol” mavzusiga bag‘ishlangan mashg‘ulotlarda o‘quvchilar onalarga bo‘lgan cheksiz hurmat, ayol zotining jamiyat va oiladagi yuksak o‘rni haqida dildan suhbatlashdilar. O‘quvchilar tomonidan onalarga atab yozilgan insholar, tayyorlangan kreativ tabriknomalar darslarning hissiy jihatdan juda boy va esda qolarli o‘tishini ta’minladi.
Yil davomida tizimli ravishda olib borilgan eng muhim yo‘nalishlardan biri — bu kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish bo‘ldi. “Kitob — kelajak chirog‘i” shiori ostida o‘tilgan “Kelajak soati” darslarida o‘quvchilar o‘zlari mutolaa qilgan asarlar taqdimotini o‘tkazdilar, badiiy tahlil qilish ko‘nikmalarini oshirdilar. Kitobxonlik darslari natijasida maktab kutubxonasiga a’zo bo‘lgan va bo‘sh vaqtini kitob bilan o‘tkazayotgan o‘quvchilarimiz soni sezilarli darajada ko‘paydi. Xulosa qilib aytganda, “Kelajak soati” darslari yakunlanayotgan o‘quv yilida o‘quvchilarimiz uchun haqiqiy ma’naviyat va ma’rifat ko‘zgusi bo‘la oldi. Maktab rahbariyati va pedagoglar jamoasining hamjihatlikdagi ushbu tizimli mashg‘ulotlari orqali biz kelajak poydevorini ham bilimli, ham yuksak odob-axloqli yoshlar bilan qurayotganimizga yana bir bor amin bo‘ldik.
Inobat ABDULLAYEVA,
Denov tumanidagi 78-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi