Alisher Navoiyning insoniyat madaniy tsivilizatsiyasini shakllanishidagi ahamiyatini xalqaro hamjamiyatga yanada kengroq targʻib qilish maqsadida kecha mamlakatimizning Parijdagi elchixonasida vatandoshlar, diplomatik korpus rahbarlari, frantsuz madaniy-gumanitar doiralari vakillari ishtirokida Alisher Navoiy tavalludining 581-yilligiga bagʻishlangan ijodiy kecha tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Oʻzbekistonning Frantsiya va Portugaliyadagi elchisi Sardor Rustamboev ishtirokchilarga buyuk mutafakkirning oʻzbek tili va adabiyotini rivojlantirishdagi oʻrni haqida toʻxtalib oʻtdi. Uning beqiyos merosi turkiy va fors madaniy tsivilizatsiyasini shakllanishidagi oʻrni katta ekanligi aytildi. Soʻnggi yillarda mazkur tarixiy shaxsning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish, uning oʻlmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targʻib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani taʻkidlandi.

Tadbir doirasida haykaltarosh, YUNESKOning tinchlik boʻyicha elchisi Amri Aminov tomonidan Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyga bagʻishlangan haykal modelining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Mazkur haykal Oʻzbekiston va Tojikiston xalqlari oʻrtasidagi abadiy doʻstlik ramzi ekani taʻkidlanib, u elchixonaga takqdim qilindi.

Amri Aminov buyuk ikki siymoning turkiy va fors adabiyotining taraqqiyotidagi betakror oʻrni hakida maʻruza qildi, allomalarning gʻazallaridan namunalar oʻqib berdi.

Frantsiya ijtimoiy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi, navoiyshunos olim Mark Tutan Alisher Navoiyning adatiy tilni rivojlanishidagi oʻrni toʻgʻrisida ilmiy maʻruza bilan ishtirok etdi. Mutafakkirning asarlari Evropa olimlari tomonidan chuqur oʻrganib kelinayotganini alohida taʻkidladi. U hamkasblari bilan ilmiy izlanishlarida Temuriylar va ulardan keyingi davrda turkiy tilning rivojlanishi tarixini oʻrganayotganini aytib oʻtdi.

Faol yosh vatandoshlar tomonidan buyuk mutafakkirning gʻazallari oʻqildi, “Navoiy va Guli” nomli sahna koʻrinishi namoyish etildi.

Tadbir doirasida, shuningdek, Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan “Siz Oʻzbekistonni bilasizmi?” onlayn viktorinasi gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi.