Qayd etilishicha, inflyatsiyaning barqaror pasayib borishi va oʻrta muddatda 5 foizlik target koʻrsatkichiga erishishini taʼminlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini nisbatan qatʼiy darajada saqlab qolish lozim boʻladi.
Makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari va inflyatsiya omillari boʻyicha kutilmalardan kelib chiqib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Markaziy bankka koʻra, 2024-yil sentyabr oyida umumiy inflyatsiya yillik 10,5 foizni tashkil etib, III chorak davomida oʻzgarishsiz qoldi. Bazaviy inflyatsiya dinamikasi yuqori isteʼmol talabi, yoqilgʻi resurslari narxi va tariflarini erkinlashtirilishini xizmatlar narxlariga oʻtishi hamda ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi taʼsirida sentyabr oyida yillik 7,1 foiz doirasida shakllandi.
Shuningdek, 2024-yil yanvar sentyabr oylarida iqtisodiyotning barcha asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy oʻsish dinamikasi hisobiga yalpi ichki mahsulotning real oʻsishi 6,6 foizni tashkil etdi. Investitsion faollikning yuqoriligi iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan boʻlmoqda.
Transchegaraviy pul oʻtkazmalarining oʻtgan yilga nisbatan yuqori surʼatlarda oʻsishi aholi daromadlarining oshishiga hissa qoʻshmoqda. Iqtisodiyotda oʻrtacha ish haqi va real daromadlarning oʻsib borishi isteʼmol faolligini qoʻllab-quvvatlamoqda. Jumladan, xizmatlar va chakana savdo sohalaridagi yuqori oʻsish surʼatlari kuchli isteʼmol talabi shakllanayotgani bilan izohlanadi.
Iqtisodiy rivojlanishning ushbu tendensiyalaridan kelib chiqib, 2024-yilda YAIMning real oʻsishi 6,0-6,5 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, iqtisodiyotda inflyatsiyani oshiruvchi, xususan, kelgusi choraklarda energiya resurslarining yetarli taʼminoti va narxining qisqa muddatli oʻzgarishi, ayrim tovarlar taklifida uzilishlar va xizmatlar narxining nisbatan yuqori darajalarini saqlanib qolishi bilan bogʻliq xatarlar yuzaga chiqishi mumkin.
“Har qanday sharoitda ham Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etib, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar surʼatlariga alohida eʼtibor qaratadi”, — deyiladi xabarda.