Qayd etilishicha, Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan 2025-yilning yanvar oyidagi yigʻilishlarida (9-marta) 44 ta masala koʻrib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 36 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish (7 ta), yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob roʻyxatdan oʻtkazish (11 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (2 ta), banklarda audit oʻtkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (1 ta), tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini koʻrib chiqish (14 ta) bilan bogʻliq masalalar koʻrildi.
Bundan tashqari, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 8 ta masala – Markaziy bankning koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklari, mikromoliya tashkiloti va toʻlov tashkilotlarida oʻtkazilgan oʻrganish hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga rioya qilinishi ham muhokama qilindi.
Markaziy bank tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar, jumladan, Markaziy bankning koʻrsatmalari va qonunchilik talablariga rioya qilinmaganligi uchun 1 ta toʻlov tizimi operatori chora va sanksiyalar qoʻllanilishi toʻgʻrisida ogohlantirilgan. Aniqlangan qoidabuzarliklar uchun esa 10 ta bankka jarima sanksiyasi qoʻllanilgan.