Markaziy bank 18 ta bankni jarimaga tortdi

    Markaziy bank joriy yilning sentyabr–oktyabr oylarida tijorat banklarining rasmiy veb-saytlarida axborotlarni eʼlon qilish tartibiga rioya etilishi boʻyicha oʻtkazgan monitoring yakunlarini eʼlon qildi.

    Tekshiruv natijasiga koʻra, belgilangan talablarni buzgan 18 ta bankka maʼmuriy choralar koʻrildi.

    Unga koʻra, har bir bankka 102 million soʻmdan, jami 1 milliard 836 million soʻm miqdorida jarima qoʻllangan.

    Markaziy bank maʼlumotiga koʻra, ayrim banklar veb-saytlarida axborotlar “Davlat tili haqida”gi Qonun talablari asosida davlat tilida joylashtirilmagani aniqlangan. Shuningdek, kredit taʼminoti sifatida qabul qilingan garov mulklarini kredit asosiy qarz qoldigʻiga mutanosib ravishda bosqichma-bosqich garovdan chiqarish tartibi joylashtirilmagani maʼlum boʻldi.

    Mazkur holatlar quyidagi banklarning rasmiy internet sahifalarida aniqlangan: Agrobank, Anor Bank, Hayot Bank, Universal Bank, Garant Bank, Asakabank, Turonbank, Infinbank, Mikrokreditbank, Trustbank, Madad Invest Bank, Saderat Bank, Orient Finans Bank, Ipoteka Bank, Tenge Bank, Ziraat Bank Uzbekistan, AVO Bank va Open Bank.

    Markaziy bank tijorat banklariga qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etish, aholiga taqdim etiladigan axborotning toʻliqligi va ochiqligini taʼminlash zarurligini eslatdi.