Markaziy bank Android foydalanuvchilari uchun mobil ilovani ishga tushirdi

    Raqamlashtirish 16 Iyun 2020 2848

    Ushbu mobil ilova rasmiy veb-sayt foydalanuvchilariga qoʻshimcha qulaylik yaratib, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining barcha axborot va interaktiv xizmatlarini qulay formatda koʻrsatadi.

    Mobil ilova orqali asosiy pul koʻrsatkichlari haqidagi yangiliklar va maʼlumotlardan tashqari, kursni sana boʻyicha saralash funksiyasi orqali osongina topish, shuningdek, eng koʻp soʻraladigan savollarga javoblar bilan tanishib borish va boshqa imkoniyatlardan foydalanish mumkin.

    Ilovada Oʻzbekistonning geografik xaritasida joylashuvi koʻrsatilgan bank infratuzilmasi obyektlarining interaktiv xaritasi mavjud. Modul yuborilgan lokatsiya (manzil) boʻyicha eng yaqin joylashgan kredit tashkilotlari va ularning filiallarini, valyuta ayirboshlash shoxobchalari, bankomatlar, shu jumladan, kunu-tun rejimida ishlaydigan koʻp funksiyali oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish punktlarini topish va foydalanuvchi joylashgan joydan tanlangan obyektgacha boʻlgan masofani aniqlash funksiyasi mavjud. Unda manzil, ish vaqti, telefon raqamlar va fotosuratlar keltirilgan.

    Ilova orqali jismoniy va yuridik shaxslar Markaziy bankka ariza bilan murojaat yoʻllashlari, banklarda uchrayotgan muammolarni hal etish uchun oʻz shikoyatlarini joylashtirishlari mumkin. Ushbu boʻlimning oʻzida yuborilgan murojaatlar qay holatda ekanligini kuzatish imkoniyati mavjud.

    Mobil ilovada bank tizimining huquqiy asoslari bazasi joylashtirilgan. Bazadan kengaytirilgan filtr orqali kerakli hujjatlarni tez va oson topish, maʼlumotlarni yuklab olish yoki onlayn oʻqish mumkin.

    Ilovaning yana bir afzalligi push-xabar xizmatining mavjudligidir. Bu xizmat yangi axborot materiallari va kursdagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida avtomatik ravishda xabar berib turadi. Ilova sozlamalarida ixtiyoriy ravishda barcha xabarnomalarni oʻchirib qoʻyish yoki faqat kerakli maʼlumotlar xabarini yoqish mumkin.

    Bundan tashqari, mazkur mobil ilovaning Markaziy bank veb-saytidagi http://www.cbu.uz barcha maʼlumotlar bazasiga oid qidiruv???? moduli mavjud. Shunday qilib, dastur saytning toʻliq kontentini va barcha interaktiv xizmatlarini oʻz ichiga oladi.

    Mobil ilova foydalanuvchlarning barcha ehtiyojlarini inobatga olgan holda yaratilgan boʻlib, oʻzbek (kirill va lotin), rus va ingliz tillarida yuritiladi.

    Mobil ilovani yuklab olish.

    “iOS” operatsion tizimi bazasidagi mobil ilova yaqin kunlarda eʼlon qilinadi.