Markaziy bank asosiy stavkani oʻzgarishsiz qoldirdi

    Markaziy bank Boshqaruvi 2025-yil 11-dekabrda boʻlib oʻtgan yigʻilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish haqida qaror qabul qildi.

    Qaror oʻrta muddatli davrda inflyatsiyani barqaror pasaytirishga qaratilgan.

    Regulyatorga koʻra, nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoiti inflyatsion bosimlarni kamaytirib borayotgan boʻlsa-da, iqtisodiyotdagi barqaror talab, ayrim taklif omillari va xizmatlar sohasidagi yuqori narx dinamikasi sababli inflyatsion xatarlar saqlanib qolmoqda.

    Noyabr oyi yakunida inflyatsiya 7,5 foizga teng boʻldi. Buni bazaviy inflyatsiyaning 6,3 foizgacha pasayishi va milliy valyuta kursining mustahkamlanishi taʼminladi.

    Markaziy bankning yangilangan prognozlariga koʻra:

    • 2025-yil oxirida inflyatsiya 7,3 foiz atrofida,
    • 2026-yil yakunida esa 6,5 foiz boʻlishi kutilmoqda.

    Iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanib, yil yakunida iqtisodiy oʻsish 7–7,5 foiz atrofida shakllanishi belgilanmoqda. Biroq transport xizmatlari narxining oshishi, asosiy oziq-ovqat tovarlari taklifiga oid xatarlar va tartibga solinadigan narxlar indeksatsiyasi inflyatsiya uchun qoʻshimcha tahdid boʻlib turibdi.

    Markaziy bank inflyatsiyani bosqichma-bosqich 5 foizlik maqsadli koʻrsatkichga tushirish uchun pul-kredit sharoitlarining yetarlicha qatʼiyligini saqlab borishini maʼlum qildi.

    Asosiy stavkani qayta koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilish 2026-yil 28-yanvar kuni boʻlib oʻtadi.