Markaziy bank asosiy stavkani yillik 0,5 foiz bandga pasaytirdi

    Markaziy bank boshqaruvi shu yilning 25-iyuldagi yigʻilishida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi

    Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

    Inflyatsiyaning kutilayotgan dinamikasi va inflyatsiyani oshiruvchi xatarlarning kamayganligini inobatga olib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

    Iyun oyida umumiy inflyatsiya yillik 10,6 foiz darajasida shakllanib, inflyatsiyaning barqaror komponentlari va meva-sabzavotlar narxlarida sezilarli pasayish kuzatildi. Tashqi bozorlardagi narxlar dinamikasi ham import inflyatsiyasiga pasaytiruvchi taʼsir koʻrsatishda davom etmoqda.

    Shuningdek, oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasining pasayishi hamda almashuv kursi barqarorligi aholining inflyatsion kutilmalariga ijobiy taʼsir koʻrsatib, iyun oyida sezilarli pasayishiga olib keldi. Bu esa, kutilmalar tomonidan inflyatsiyaga bosimlarni pasayib borishiga sharoit yaratadi.

    Bazaviy inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasi davom etib, iyunda 5,9 foizga teng boʻldi va yil boshidan 2,6 foiz bandga pasaydi. Bu energiya tariflari oʻzgarishining ikkilamchi taʼsiri kutilganidan past boʻlganligi bilan izohlanib, inflyatsiyaning kelgusida ham pasayuvchi trendining davom etishiga ishora bermoqda.

    Joriy yildagi bazaviy inflyatsiya tendensiyasi va inflyatsion omillar taʼsirining kutilganidan pastroq boʻlishi hisobiga inflyatsiya prognozi pasayish tomonga qayta koʻrib chiqildi. Yil yakunida umumiy inflyatsiyaning 9 foiz atrofida shakllanishi va 2025-yil oxirida 5 foizlik target darajasiga yaqinlashishi kutilmoqda.

    2024-yilning II choragida iqtisodiy oʻsish tezlashishda davom etib, I yarim yillikda iqtisodiyot real hisobda 6,4 foizga oʻsdi. Sanoat, qurilish va xizmatlar sohalaridagi yuqori faollik iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlamoqda.

    Shu bilan birga, yil yakuniga qadar inflyatsion kutilmalarning joriy dinamikasi davom etishi boʻyicha ayrim noaniqliklar hamda xizmatlar bazaviy inflyatsiyasi yuqoriligi bilan bogʻliq inflyatsiyani oshiruvchi xatarlar ham saqlanib qolmoqda.

    Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qatʼiy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etadi. Bunda, asosiy stavka boʻyicha kelgusi qarorlar inflyatsiya dinamikasi va prognozi, inflyatsion kutilmalar hamda makroiqtisodiy koʻrsatkichlar boʻyicha kelgusi davr maʼlumotlari asosida qabul qilinadi.