баннер
23 Mar 2025
05:47

    Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida belgiladi

    Markaziy bank boshqaruvi 2025-yil 20-martdagi yigʻilishida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

    Ushbu qaror kelgusi oylarda kutilayotgan inflyatsion xatarlarni inobatga olib, inflyatsion kutilmalarni jilovlash, oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasini 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoitlar yaratishga qaratilgan, deyiladi markaziy bank press-relizida.

    Qayd etilishicha, 2025-yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasida biroz oʻsish kuzatilib, fevral oyi yakunlari boʻyicha yillik 10,1 foizni tashkil etdi.

    Ushbu dinamika ayrim tovar va xizmatlar narxlarining oʻsishi hisobiga yuzaga keldi. Xususan, yoqilgʻi narxlari, kommunal, transport, taʼlim va tibbiy xizmatlar tariflari oshishi inflyatsion kutilmalarga ham oshiruvchi taʼsir koʻrsatdi va fevral oyida aholining inflyatsion kutilmalari 15,3 foizga, tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari esa 13,8 foizga teng boʻldi.

    Soʻnggi oylarda xizmatlar inflyatsiyasi yuqori darajada shakllanishi iqtisodiyotda yalpi talab omillari, jumladan, transchegaraviy pul oʻtkazmalari va aholiga ajratilgan kreditlar faollashib borayotganligi bilan izohlanadi. Bu, oʻz navbatida, chakana savdo aylanmasi hamda pullik xizmatlardan tushumlar dinamikasida ham namoyon boʻlmoqda.

    Yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valyutalarining mustahkamlanishi taʼsirida real samarali almashuv kursi pasayish tendensiyasini namoyon etib, oʻzining oʻrta muddatli trendiga yaqinlashmoqda.

    Iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni maqbullashtirish hamda yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni taʼminlash pul-kredit sharoitlari qatʼiylik darajasini oshirishni taqozo etmoqda.

    Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi oʻrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

    Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2025-yil 24-aprel kuniga belgilangan.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech