Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi

    Markaziy bank boshqaruvi 2024-yil 25-apreldagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

    Iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarga fundamental monetar omillar taʼsiri bosqichma-bosqich kamayib bormoqda. Shu bilan birga, joriy yil 1-maydan ayrim tartibga solinadigan tariflarning erkinlashtirilishi, umumiy inflyatsiyaga bir martalik taʼsir koʻrsatishi mumkin.

    Markaziy bank boshqaruvi, inflyatsiyaning yangilangan prognoz koridorining yuqori chegaralariga nisbatan ham joriy pul-kredit sharoitlari nisbatan qatʼiy fazada shakllanganligini inobatga olib, asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan.

    Umumiy inflyatsiya yil boshidan pasayishda davom etib, mart oyida yillik 8 foizni tashkil etdi. Bunda, oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasida sezilarli pasayish kuzatilgan. Tashqi oziq-ovqat bozorlaridagi narxlar dinamikasi import inflyatsiyasiga pasaytiruvchi taʼsir koʻrsatgan.

    “Iqtisodiyotda yuqori talabning saqlanib qolayotgani hamda ayrim tartibga solinadigan narxlar va tariflarning oshirilishi sharoitida xizmatlar inflyatsiyasi soʻnggi oylar davomida barqaror oʻsib bormoqda. Bazaviy inflyatsiya sezilarli sekinlashib, mart oyida yillik 7,6 foiz va yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasidan pastroq shakllandi”, deyiladi regulyator izohida.

    Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari inflyatsiyaning joriy va prognoz darajasidan yuqoriligicha qolmoqda. Shu bilan birga, tartibga solinadigan narxlarning toʻgʻrilanishi va aprel oyidan bir qator tovar va xizmatlarga QQS joriy etilishi taʼsirida inflyatsion kutilmalar dinamikasi yuqorilashi mumkin.

    “Yuqoridagi omillarni hisobga olib yangilangan makroiqtisodiy prognozlarga koʻra, asosiy ssenariy boʻyicha 2024-yilda umumiy inflyatsiya prognozi 9-11 foizgacha oshirildi. Prognoz koridorining nisbatan kengligi, tariflar oshirilishi munosabati bilan aholiga taqdim etiladigan bir martalik toʻlovlar, ijtimoiy norma va ikki oylik imtiyozli davr mazkur oʻzgarishlar taʼsirini yumshatish imkonini berishi hamda hozirgi paytda ushbu oʻzgarishlarning aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalariga taʼsirini baholash murakkabligi bilan izohlanadi. Bazaviy inflyatsiyaning barqaror pasayish trayektoriyasida qolishi boʻyicha mustahkam kutilmalar shakllanib, yil yakunida 7-8 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda”, deyilgan Markaziy bank pres relisida.

    Umumiy inflyatsiya prognozini yangilanishi tartibga solinadigan narxlar oshishining pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlarida keltirilgan makroiqtisodiy prognozlarida inobatga olingan dastlabki darajasidan yuqoriroq boʻlishi bilan bogʻliq. Biroq, ushbu oʻzgarishlarning iqtisodiyotdagi narxlarga taʼsiri bir martalik xarakterga ega boʻlib, isteʼmol talabini maʼlum darajada pasaytirishi orqali oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning pasayuvchi trendiga sezilarli taʼsir koʻrsatmaydi.

    Hukumat tomonidan iqtisodiyotda yalpi taklifni oshirishga va inflyatsiyani pasaytirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar, shuningdek, uzoq muddat davomidagi nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarining yigʻilgan taʼsirlari inflyatsion jarayonlarni jilovlashga xizmat qiladi.

    Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 2024-yilning birinchi choragida iqtisodiyotning oʻsish surʼati 6,2 foizgacha tezlashdi. Xizmat koʻrsatish, chakana savdo aylanmasi va qurilish sohalaridagi yuqori oʻsish surʼatlari, shuningdek, ishlab chiqarish va togʻ-kon sanoati sohalarida investitsion faollikning oshishi kuzatilgan.

    Mehnat bozorida ishchi kuchiga boʻlgan talab sezilarli darajada oshib bormoqda. Biroq, ishchi kuchi taklifida maʼlum segmentatsiya mavjud boʻlib, yuqori malakali sohalarda talabning toʻliq qondirilmayotganligi kuzatilmoqda. Bu esa, tegishli sohalarda ish haqlarining yuqoriroq oʻsishiga olib kelmoqda.

    Soʻmning real almashuv kursi dinamikasi yil boshidan 0,9 foizga qadrsizlanib, uzoq muddatli trendi doirasida shakllandi. Tashqi savdo hamkorlar milliy valyutalari kurslari va inflyatsiyalari boʻyicha prognozlarni inobatga olganda real almashuv kursiga nisbatan bosimlar kuzatilmayapti.

    Yangilangan prognozlarga koʻra, YAIM oʻsishi yil yakuniga 5,2-5,7 foiz oraligʻida boʻlishi kutilmoqda. Amaldagi pul-kredit sharoitlarining qatʼiylik darajasi, ijobiy real bozor stavkalarini taʼminlash orqali iqtisodiyotda kreditlash hajmlarining bosqichma-bosqich moʻtadillasha boshlagani va depozitlar oʻsishining tezlashishida namoyon boʻlmoqda.

    Kelgusi choraklarda bank tizimining umumiy likvidligi tarkibiy profitsit sharoitidan bosqichma-bosqich tarkibiy defitsit fazasiga oʻta boshlashi va mazkur tarkibiy oʻzgarishlar pul-kredit operatsiyalari orqali toʻgʻrilanib borishi kutilmoqda.

    Ayni paytda, bazaviy inflyatsiyaning prognoziga erishish boʻyicha xatarlar kuchayib, kelgusi davrlarda aholining inflyatsion kutilmalarida sezilarli oʻsish kuzatilgan taqdirda pul-kredit sharoitlarini oʻzgartirish boʻyicha tegishli choralar koʻriladi.

    Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qatʼiy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar surʼatlariga alohida eʼtibor qaratadi.