Markaziy bank bir nechta tijorat banklariga jarima qoʻlladi

    Markaziy bank tomonidan TBC bank, Davr bank va Hamkorbankda bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan ishlash jarayonida qonunchilik talablariga rioya etilishi boʻyicha tekshiruvlar oʻtkazildi.

    Markaziy bank Matbuot xizmati xabariga koʻra, joriy yilning oʻtgan davrida bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirish yoʻnalishida qonunchilik talablariga rioya etilayotganligi yuzasidan TBC bank, Davr bank va Hamkorbankʼda oʻrganish oʻtkazilganda, ushbu banklar tomonidan qator qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻyilayotganligi aniqlandi.

    TBC bankʼda:

    • bank rasmiy veb-saytida axborot berish va isteʼmolchiga beriladigan axborotning minimal hajmi boʻyicha talablarni bajarmaslik;
    • kredit shartnomalari boʻyicha garov mulkiga nisbatan bankning huquqlari toʻgʻrisidagi yozuv qonunchilikda belgilangan muddatdan kechiktirib garov reyestridan va garov mulklarini taqiqdan chiqarish;
    • qarz oluvchilarning oʻz moliyaviy ahvolini tahlil qilishi zarurligi toʻgʻrisida ogohlantirilmasdan onlayn mikroqarzlar ajratish, kreditni qoplash uchun kelib tushgan mablagʻlarni qarzdorlikni soʻndirishga oʻz vaqtida yoʻnaltirmaslik;
    • bankda murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha qonunchilik talablariga rioya etmaslik holatlari.

    Davr bankʼda:

    • bankning bir xizmatini isteʼmolchiga qoʻshimcha xizmatdan foydalanish sharti bilan koʻrsatish;
    • xorijiy valyutada ajratilgan kreditlar boʻyicha kunlik foizlarni notoʻgʻri hisoblash (undirish);
    • bank rasmiy veb-saytida axborot berish va isteʼmolchiga beriladigan axborotning minimal hajmi boʻyicha talablarni bajarmaslik;
    • isteʼmolchilar bilan tuzilgan shartnomalarga (bank ichki qoidalariga) ularning huquqlarini cheklab qoʻyadigan va (yoki) shartnomalarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar kiritilmaganligi bilan bogʻliq holatlar;
    • jismoniy shaxslar bilan tuzilgan kredit shartnomalarida kreditning toʻliq qiymatini koʻrsatmaslik;
    • bank mobil ilovasi orqali onlayn kredit ajratishda ushbu xizmatning asosiy isteʼmol xususiyatlari, shu jumladan oʻziga xos xususiyatlari haqida toʻliq va toʻgʻri maʼlumot berilmaganligi;
    • kredit shartnomalari boʻyicha garov mulkiga nisbatan bankning huquqlari toʻgʻrisidagi yozuv qonunchilikda belgilangan muddatdan kechiktirib garov reyestridan va garov mulklarini taqiqdan chiqarish;
    • bankda murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha qonunchilik talablariga rioya etmaslik holatlari.

    Hamkorbankʼda:

    • bank rasmiy veb-saytida axborot berish va isteʼmolchiga beriladigan axborotning minimal hajmi boʻyicha talablarni bajarmaganligi hamda shartnomalarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar kiritilmaganligi;
    • kredit ajratish jarayonida qonunchilikka amal qilinmagan holda kredit hujjatlarini koʻrib chiqish va kredit ajratish uchun bir martalik komissiyalar hamda garov mulkini taqiqqa qoʻyish va qoʻyilgan taqiqni bekor qilishga xizmat haqlari undirilganlik;
    • kredit shartnomalari boʻyicha garov mulkiga nisbatan bankning huquqlari toʻgʻrisidagi yozuv qonunchilikda belgilangan muddatdan kechiktirib garov reyestridan va garov mulklarini taqiqdan chiqarish;
    • bankda murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha qonunchilik talablariga rioya etmaslik holatlari.

    Markaziy bank yuqoridagi qonunbuzilish holatlari yuzasidan quyidagi jarimalarni qoʻlladi:

    • TBC bank – 615 mln soʻm;
    • Davr bank – 931 mln soʻm;
    • Hamkorbank – 955 mln soʻm.

    Shu bilan birga, banklarga ortiqcha undirilgan mablagʻlarni mijozlarga qaytarish topshirildi:

    • TBC bank – 4,2 mlrd soʻmga yaqin ortiqcha foizlar,
    • Davr bank – 4 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻ,
    • Hamkorbank – 20 mlrd soʻmga yaqin noqonuniy toʻlovlarni qaytarishi shart qilindi.

    Markaziy bank banklardan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mijozlarga yetkazilgan zararni qoplash va ularning buzilgan huquqlarini tiklashni talab qildi.