Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi. Qayd etilishicha, roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 26 ta masala koʻrib chiqildi.
Bular qatorida kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlar (4 ta), yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob roʻyxatidan oʻtkazish (5 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat (1 ta) hamda banklarda audit oʻtkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (1 ta) masalalari bor.
Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 19 ta masala — Markaziy bankning koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida oʻtkazilgan inspeksiya natijalari ham muhokama qilindi.
Oʻtkazilgan oʻrganish va inspeksiya tekshiruvlari natijasida qoidabuzarliklar aniqlanib, 6 ta bank, 3 ta lombard va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qoʻllanildi. Ular jismoniy shaxslarga bank hisobvaraqlari ochish va ularni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha belgilangan talablarni bajarmagan.
Bundan tashqari, ustav kapitalining eng kam miqdorini shakllantirish hamda tashkiliy-huquqiy shaklini aksiyadorlik jamiyatiga oʻzgartirish talablarini bajarmagani uchun 1 ta toʻlov tizimi operatori va 3 ta toʻlov tashkiloti chora hamda sanksiyalar qoʻllanilishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.