Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 16 ta masala ko‘rib chiqilib, ularda kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (7 ta), auditorga malaka sertifikatini berish (5 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (4 ta) kabi masalalar o‘rin oldi.
Kredit tashkilotlarining moliyaviy holati bo‘yicha (10 ta masala) banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan Markaziy bankning prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilindi.
Xususan, Markaziy bank ko‘rsatmalariga amal qilmagani va makroprudensial vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlamagani sababli 1 ta tijorat bankiga ayrim operatsiyalarni amalga oshirishga cheklovlar o‘rnatildi. Markaziy bankka ishonchli bo‘lmagan ma’lumotlar taqdim qilganligi va Markaziy bankning me’yoriy-huquqiy hujjatlari talablariga rioya qilinishi ta’minlanmaganligi uchun 4 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotlari tegishli chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Prudensial normativlarga rioya qilmaganligi oqibatida 4 ta bankka va aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 1 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima choralari qo‘llanildi.
Bundan tashqari, Qo‘mita tomonidan o‘zining tizim barqarorligini saqlash, omonatchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish prinsipidan kelib chiqib, tijorat banklari boshqaruvlari zimmasiga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralar yaratish, o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf qilish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.