Markaziy bank Boshqaruvi asosiy stavkani 1 foiz bandga pasaytirib, yillik 14 foiz darajasida belgiladi

    Moliya 10 Sentabr 2020 549

    Ushbu qaror inflyatsiyaning yana-da sekinlashib yil yakunida prognoz koʻrsatkichlariga erishish boʻyicha ishonchning mustahkamlanishi, iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalarini saqlab qolish zarurati, shuningdek, pandemiya sharoitida inflyatsiyani pasaytirish va iqtisodiy faollikni qoʻllab-quvvatlash maqsadlari oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlash bilan izohlanadi.

    Bunda, prognoz qilinayotgan davrda inflyatsiyani keskin oshiruvchi omillarning nisbatan kamligi pul-kredit sharoitlarini inflyatsion xatarlarni yuzaga keltirmasdan yumshatish imkonini beradi.

    Yil yakuni boʻyicha inflyatsiya prognozi 11-12,5 foiz darajasida oʻzgarishsiz saqlanib qolindi va bunda inflyatsiyaning prognoz koridorining quyi chegarasiga yaqin darajada shakllanish ehtimoli ortmoqda. Shuningdek, iqtisodiyotda inflyatsion kutilmalar barqaror pasayishi va makroiqtisodiy barqarorlikning saqlab qolinishi sharoitida inflyatsiya prognozi yana-da pasaytirish tomonga koʻrib chiqilishi mumkin.

    Markaziy bank Hukumat bilan birgalikda 2023-yilga qadar inflyatsiyaning 5 foizlik doimiy maqsadli koʻrsatkichiga erishish uchun barcha zaruriy choralarni koʻrib boradi.

    Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar. 2020-yilning 8 oyida inflyatsiya dinamikasi elektr energiya va tabiiy gaz tariflarini oshirish muddatlarining kechiktirilishi, karantin cheklovlari hisobiga aholi daromadlari va bandlik darajasining pasayishi natijasida ichki talabning qisqarishi, shuningdek, valyuta kursining aprel oyidagi devalvatsiyasidan soʻng keyingi oylarda barqarorlashuvi hisobiga devalvatsion bosimning qisqarishi sharoitida shakllandi.

    Inflyatsiya darajasi joriy yilning yanvar-avgust oylari davomida 2019-yil yakunidagi yillik 15,2 foizdan 11,6 foizgacha sekinlashdi va inflyatsiyaning maqsadli trayektoriyasidan past boʻldi.

    Bunga, asosan, tartibga solinadigan narxlarning oʻzgarishsiz qolganligi, meva-sabzavotlar narxlarining mavsumiy pasayishi hamda iqtisodiyotga kredit qoʻyilmalarining oʻtgan yilga nisbatan sekinroq surʼatda oʻsganligi sabab boʻldi.

    Yillik inflyatsiya tarkibida nooziq-ovqat mahsulotlari (8 foiz) va xizmatlar (7,5 foiz) narxlari umumiy inflyatsiyaga pasaytiruvchi taʼsir koʻrsatgan boʻlsa, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari (16,8 foiz) nisbatan yuqori surʼatlarda oʻsdi. Bu pandemiya sharoitida ushbu guruh tovarlariga boʻlgan talabning oshganligi bilan izohlanadi.

    Iyul-avgust oylarida bazaviy inflyatsiya darajasi ham umumiy inflyatsiya kabi pasayuvchi tendensiyasiga ega boʻldi va 8 oylik yakunlari boʻyicha yillik 12,2 foizni tashkil etdi.

    Aholi va tadbirkorlik subyektlarining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari joriy yil iyul oyidagi oʻsishdan soʻng sezilarli darajada pasaydi. Biroq, inflyatsion kutilmalar va amaldagi inflyatsiya oʻrtasidagi farq joriy yil mart oyidan buyon yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

    Soʻrov natijalariga koʻra, respondentlar kelgusi oylarda narxlarning koʻtarilishini asosan pandemiya oqibatlari hamda bozorda monopol mavqega ega xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan taklif etalidigan tovar va xizmatlar narxlarining oshishi mumkinligi bilan bogʻlashmoqda.

    Iqtisodiy faollik. Karantin taʼsirlarining kamayib borishi bilan iqtisodiyotning bosqichma-bosqich tiklanishi kutilmoqda. Biroq, uy xoʻjaliklari daromadlarining nisbatan pastroq oshishi, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining qarorlar qabul qilishdagi ehtiyotkorona yondashuvi sababli iqtisodiyotning inqirozgacha boʻlgan darajasiga qaytishi uchun uzoqroq vaqt talab etiladi.

    May-iyun oylarida iqtisodiy faollikning bosqichma-bosqich tiklanish tendensiyasidan soʻng, iyul-avgust oylarida bir qator koʻrsatkichlarning maʼlum bir darajada pasayishi kuzatildi.

    Qurilish ishlari hajmining oʻsishi ham yanvar-iyun oylaridagi 7,3 foizdan 5,7 foizgacha sekinlashdi. Joriy yil iyun oyiga nisbatan iyul va avgust oylarida banklararo toʻlov tizimi orqali amalga oshirilgan barcha operatsiyalar soni mos ravishda 8 foiz va 9 foizga kamaydi.

    Avgust oyining yarmidan koʻp qismi karantin davriga toʻgʻri kelganligiga qaramasdan savdo va pullik xizmatlar sohasida naqd pul tushumlari hajmining oʻsish dinamikasida maʼlum darajada tiklanish kuzatildi. Bunda, pul tushumlari iyul oyida oʻtgan oyga nisbatan 11,9 foizga kamaygan boʻlsa (12,6 trln. soʻmdan 11,1 trln. soʻmgacha), avgust oyida 6 foizga oʻsib, oʻtgan yil mos oydagi koʻrsatkichga yaqin boʻldi.

    Pul-kredit sharoitlari. 2020-yil aprel oyida asosiy stavkaning pasaytirilishiga qaramay, iqtisodiyotda nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari saqlanib qoldi. Iyul-avgust oylarida majburiy zaxira talablarining yumshatilishi va Markaziy bank tomonidan pul-kredit operatsiyalarining faol oʻtkazilishi sharoitida banklararo pul bozorida, shu jumladan, uzoqroq muddatli depozitlar boʻyicha foiz stavkalarining sezilarli darajada pasayishi kuzatildi.

    Bunda, soʻnggi ikki oyda 14 kungacha boʻlgan depozitlar boʻyicha foiz stavkalar Markaziy bank foiz koridori doirasida shakllandi.

    Maqbul foiz stavka siyosatining iyul oyidan joriy etilishi natijasida iqtisodiyotda depozitlar va kreditlar boʻyicha foiz stavkalarining sezilarli darajada pasayishi kuzatildi.

    Joriy yilning iyul oyida jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari boʻyicha foiz stavkalar 18 foizgacha va yuridik shaxslarning muddatli depozitlari boʻyicha esa 15,2 foizgacha pasaydi. Shuni taʼkidlash lozimki, nominal foiz stavkalarining pasayishiga qaramay, inflyatsiyaning pasayishi sharoitida depozitlar boʻyicha ijobiy (musbat) real foiz stavkalar saqlanib qoldi. Natijada, bank tizimidagi jami depozitlar hajmi joriy yilning yanvar-avgust oylarida 13,6 foizga oʻsdi.

    Milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalari 20,6 foizgacha, yuridik shaxslar kreditlari boʻyicha foiz stavkalar yil boshidagi 24,3 foizdan 19,5 foizgacha, jismoniy shaxslar kreditlari boʻyicha esa yil boshidagi 28,1 foizdan 22,3 foizgacha pasaydi.

    Soʻmning almashuv kursi dinamikasi yanvar-avgust oylarida jahon iqtisodiyotidagi umumiy iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi, valyuta tushumlarining kamayishi va asosiy savdo-hamkor davlatlar milliy valyutalarining qadrsizlanishi fonida shakllandi. Natijada, valyuta kursi joriy yilning aprel oyida 5,8 foizga keskin qadrsizlanishdan keyin may-avgust oylarida nisbatan barqaror boʻlib, yanvar-avgust oylarida umumiy devalvatsiya darajasi 8 foiz atrofida boʻldi.

    Shu bilan birga, kelgusida valyuta kursining oʻzining fundamental trendiga yaqin darajada shakllashini va real effektiv almashuv kursida jiddiy tebranishlar roʻy bermasligi kutilmoqda.

    Inflyatsion xatarlar. Qisqa muddatli istiqbolda iqtisodiyotda inflyatsiyani oshiruvchi omillarning vujudga kelishi kutilmayapti.

    Bu, birinchidan, joriy yil oxirigacha elektr energiya, kommunal xizmatlar, jamoat transporti tariflari va boshqa tartibga solinadigan narxlarning oʻzgarishsiz qolishi bilan bogʻliq.

    Bundan tashqari, aholining kelgusi daromadlari boʻyicha ishonchsizligi, xarajatlarni optimallashtirish xohishi va isteʼmolchilar tanlovlarining oʻzgarishi fonida aholi tomonidan, ayniqsa, birlamchi ehtiyoj toifasiga kirmaydigan mahsulotlarga boʻlgan talabning qisqarishi inflyatsiyaning sekinlashishiga xizmat qiladi.

    Ichki talabni oshiruvchi omillarning oʻzaro muvozanatlashganligi, shuningdek, yil yakuniga qadar bugʻdoy uni va non mahsulotlari narxlarining oʻtgan yildagi oshishi taʼsirining chiqib ketishi inflyatsiyaning yana-da pasayishiga yordam beradi.

    Shu bilan birga, karantin cheklovlarining bosqichma-bosqich bekor qilinishi bilan isteʼmolchilarda kechiktirilgan talabning yuzaga chiqishi, xususan, oziq-ovqat mahsulotlari - goʻsht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlariga talabning ortishi, kuz-qish davrida dori-darmonlar, meva-sabzavotlar va boshqa mahsulotlar narxlarining mavsumiy oshishi kabi omillar qisqa muddatli davrda isteʼmol narxlariga oshiruvchi xatarlarning saqlanib qolishiga sabab boʻladi.

    Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi majlisi 2020-yilning 22-oktyabr kuniga rejalashtirilgan.