Markaziy bank matbuot xizmatining taʼkidlashicha, oʻzini yurtimizda faoliyat olib boruvchi uyali aloqa operatori “xodimi” sifatida tanishtiruvchi firibgar fuqaroga qoʻngʻiroq qilib, telefon raqamidan foydalanish boʻyicha shartnomani uzaytirish borasida bir qancha savollar beradi.
Biroz vaqt oʻtgach, firibgarlar fuqaroga Telegram messenjeri orqali Markaziy bank ramziy belgilari aks ettirilgan profildan xabar yuborib, uning bank va toʻlov tashkilotlari mobil ilovalaridagi shaxsiy kabinetlariga begonalar ruxsatsiz kirishga uringanligi, shuningdek kredit amaliyotini yakunlash (“yopish”) jarayoni nihoyasiga yetmaganligini maʼlum qiladi.
Bundan tashqari, agar fuqaro hamkorlik qilishdan bosh tortsa yoki Markaziy bankning soxta “xodimi” koʻrsatmalarini bajarmasa, unga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortish chorasi koʻrilishi bilan tahdid qilinadi.
Doʻq-poʻpisalar yanada ishonchli boʻlishi uchun messenjer orqali yuborilayotgan xabarlarga topish oson boʻlgan ochiq manbalardan (masalan, www.lex.uz) Jinoiy-protsessual kodeksning elektron fayli ham biriktirib qoʻyiladi.
Agarda fuqaro firibgarlarning yolgʻon gaplariga ishonib, ular aytgan koʻrsatmalarni bajarsa, bank kartasidagi mablagʻlardan ayrilib qolishi mumkin.
Shu munosabat bilan Markaziy bank fuqarolarni yana bir bor ogohlikka chaqirib, bu kabi xabarlarga hech qanday aloqasi yoʻqligini va fuqarolarga bu kabi xabarlarga ishonmaslikni tavsiya qildi.