Bu haqda kun.uz Markaziy bank hisobotiga tayanib xabar beradi. Taʼkidlanishicha, pandemiya taʼsiri va uni jilovlab turish boʻyicha qabul qilinayotgan choralar natijasida iqtisodiy vaziyatning tez oʻzgarishi iqtisodiy muhitdagi noaniqlikning yuqori darajasiga hamda iqtisodiy jarayonlar rivojining oldindan taxmin qilib boʻlmaydigan holatlariga olib kelishi mumkin.
“Mehnat resurslari harakatiga cheklovlarning saqlab qolinishi, logistikaning yomonlashishi, transport xizmatlari takliflarining qisqarishi, karantin talablari yana uzaytirilgan sharoitda tovarlarni tashish muddati hamda qiymati oshishi asosiy isteʼmol tovarlari narxining koʻtarilishiga olib kelishi mumkin”, - deyiladi maʼlumotda.
Bundan tashqari, moliyaviy ragʻbatlantirish, yilning birinchi yarmida kreditlash va pul massasining jadal oʻsishi yil ikkinchi yarmida maʼlum inflyatsion muhitni yaratishi mumkin. Bu, oʻz navbatida, kreditlashning oʻsish surʼatlari hamda ilgari berilgan kreditlarni qaytarish boʻyicha maʼlum choralar koʻrishni talab qiladi.
Pandemiya bilan bogʻliq vaziyatning davom etishi aholining asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarga boʻlgan talabining ortib borishiga turtki beradi, bu cheklangan taʼminot sharoitida ular narxiga bosim yaratadi. Shuni inobatga olgan holda, narxlar koʻtarilishining oldini olish uchun importni erkinlashtirish hamda soddalashtirish orqali qish-bahor mavsumi uchun ushbu turdagi tovarlar zaxirasini qayta koʻrib chiqish va oshirish zarur.