Xatda qayd etilishicha, bugungi kunda moliyaviy xizmatlar bozorida kredit tashkilotlari va isteʼmolchilar oʻrtasidagi munosabatlarda muvozanatning buzilishiga olib kelayotgan holatlar kuzatilgan.
Xususan, ayrim kredit tashkilotlari faoliyatida isteʼmolchilarning huquq va manfaatlariga putur yetkazilishi, adolat va shaffoflik tamoyillariga zid boʻlgan insofsiz munosabatlarning yuzaga kelishi natijasida isteʼmolchilarning moddiy jihatdan zarar koʻrishi bilan bir qatorda bank-moliya sektoriga boʻlgan ishonchning pasayishiga sabab boʻlmoqda.
Shuningdek, isteʼmolchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning bank-moliya tizimiga boʻlgan ishonchini mustahkamlash maqsadida Markaziy bank kredit tashkilotlarining eʼtiborini isteʼmolchilar bilan munosabatlarda insofsiz amaliyot sifatida baholanadigan xatti-harakatlarga yoʻl qoʻyilmasligiga qaratishi taʼkidlangan.
Markaziy bank xatiga koʻra, kredit tashkilotlari tomonidan chakana moliyaviy xizmatlar koʻrsatilishida insofsiz amaliyotlar sirasiga adolat va halollik tamoyillariga zid keluvchi va quyidagi amaliyotlar kirishi qayd etilgan.
Kredit shartnomalariga isteʼmolchi manfaatlariga putur yetkazadigan, taraflarning huquq va majburiyatlari oʻrtasida sezilarli nomutanosiblikni keltirib chiqaruvchi adolatsiz shartlarning kiritilishi, shartnomalarda isteʼmolchilarni chalgʻituvchi shartlardan foydalanib, ularning huquqlari, jumladan shartnoma shartlariga eʼtiroz bildirish huquqi cheklanganligi toʻgʻrisida notoʻgʻri tasavvur uygʻotish, isteʼmolchini belgilangan tartibda xabardor qilmasdan va roziligini olmasdan shartnomaning muhim shartlarini (foiz stavkalari, toʻlov muddatlari va boshqalar) bir tomonlama oʻzgartirish qayd etilgan.
Shuningdek, kreditga layoqatlilikni baholash boʻyicha isteʼmolchiga kredit ajratishni rad etish sabablarini aniq tushuntirib berishga imkon bermaydigan murakkab algoritmlardan foydalanish, isteʼmolchilarga bevosita yoki bilvosita, shu jumladan, noaniq yoki boʻrttirib koʻrsatish orqali ularni chalgʻitishi mumkin boʻlgan axborot taqdim etish koʻzda tutilgan.
Isteʼmolchi tomonidan bitim boʻyicha puxta oʻylangan qaror qabul qilish uchun zarur boʻlgan axborotni taqdim etmaslik kabi amaliyotlar keltirilgan.
Shu bilan birga, shartnomaga isteʼmolchi zimmasiga qonunchilikda nazarda tutilmagan majburiyatlarni yuklaydigan, shu jumladan kredit shartnomalarida mijoz bajarishining imkoni boʻlmaydigan yoki mijozning huquqlarini buzadigan “kovenant” va “muhim shartlar” kiritilishi, reklama toʻgʻrisidagi axborotlarda bank tomonidan taqdim etiladigan kreditning (mikroqarzning) foiz stavkasi “X foizdan” boshlanadi deb, eng yuqori stavkasi va ularni belgilash tartibini koʻrsatmaslik kiritilgan.
Qolaversa, qarz oluvchilarning kredit arizasida soʻralgan kredit miqdoridan koʻp boʻlgan summani taklif etgan holda, ularni koʻproq kredit mablagʻi olishga undash koʻzda tutilgan.
Banklar kredit kartaning imtiyozli (foizsiz) davr haqidagi sharti haqqoniyligini taʼminlamasdan, shaffoflik va adolatlilik tamoyillariga rioya qilmagan holda, oʻz mobil ilovalarida kredit karta boʻyicha qarzdorlikni imtiyozli davr mobaynida soʻndirganlik uchun isteʼmolchilarga toʻlovlar joriy etishi nazarda tutilgan.
Kredit boʻyicha toʻlovlarni kreditni qaytarish jadvalida belgilangan kalendar kuni kelmasdan qarzdor (kafil)ning bank kartasidan oldindan undirib olinishi qayd etilgan.









