“Hozirgi vaqtda tijorat banklari, toʻlov tashkilotlari hamda toʻlov tizimi operatorlarining axborot tizimlariga nisbatan kiberhujum sodir etilgani qayd etilmagan”, — deyiladi regulyator xabarida.
Barcha moliyaviy tizimlar odatdagi tartibda, xavfsizlik talablariga rioya qilingan holda faoliyat koʻrsatmoqda.
Markaziy bank yuzaga kelishi mumkin boʻlgan firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida fuqarolardan quyidagi toʻrtta oltin qoidaga qatʼiy amal qilishni soʻraydi:
- Shubhali havolalardan ehtiyot boʻling: Nomaʼlum manbalardan kelgan har qanday havolalarga (linklarga) kirmang.
- Shaxsiy maʼlumotlarni sir saqlang: Bank kartasi rekvizitlari, telefonga kelgan SMS-kodlar va parollarni hech kimga, hatto oʻzini “bank xodimi” deb tanishtirgan shaxslarga ham bermang.
- Rasmiy manbalarga tayaning: Faqat davlat organlari va banklarning rasmiy kanallarida eʼlon qilingan axborotlarga ishoning.
- Tezkor xabar bering: Shubhali holatlarga duch kelsangiz yoki firibgarlik qurboni boʻlsangiz, zudlik bilan vakolatli huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qiling.