Mazkur xatarlarning oldini olish maqsadida Markaziy bank tomonidan inflyatsiya va bozordagi holatni inobatga olib, prudensial choralar va pul-kredit siyosati instrumentlaridan foydalangan holda banklarda oqilona foiz siyosatini yuritishni ragʻbatlantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Bunda joriy yilning 1-iyulidan boshlab 2021-yil 1-yanvarga qadar:
- milliy valyutada yuridik shaxslar depozitlari boʻyicha 16 foizgacha, jismoniy shaxslar omonatlari boʻyicha 18 foizgacha;
- milliy valyutada yuridik shaxslar kreditlari boʻyicha 21 foizgacha, jismoniy shaxslar kreditlari boʻyicha 24 foizgacha;
- tadbirkorlarga xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar boʻyicha 8 foizgacha boʻlgan stavkalar maqbul foiz stavkalari deb hisoblanadi.
Mazkur foiz stavkalari Markaziy bankning amaldagi asosiy stavkasidan kelib chiqqan holda oʻzgaradi.
Joriy etilgan maqbul foiz stavkalari banklar operatsiyalarini daromadlik darajasini cheklamaydi va banklarda oʻz faoliyatlari doirasida mustaqil ravishda foiz stavkalarini belgilashi saqlanib qolinadi.
Maqbul foiz stavkalari chegarasida depozit va kredit operatsiyalarini amalga oshirgan banklarni pul-kredit siyosati instrumentlaridan foydalangan holda ragʻbatlantirish mexanizmlari joriy etildi. Jumladan:
- Markaziy bankda saqlanishi lozim boʻlgan majburiy rezervlar normativ miqdorini hisoblashda oʻrtachalash koeffitsiyenti amaldagi 35 foizdan 75 foizgacha oshiriladi;
- Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondiga oʻtkaziladigan kalendar badallari amaldagi 0,25 foizdan 0,05 foizgacha pasaytiriladi;
- banklarni pul-kredit siyosati instrumenti orqali 3-6 oylik zarur resurs bilan taʼminlash tizimi joriy etiladi;
- shuningdek, banklarda likvidlilik taqchilligi yuzaga kelganda, standart tasniflangan aktivlar garovi evaziga taqdim etiladigan bank aktivlarining 2 foizi miqdorida “chaqirib olinmaydigan” kredit liniyalari ochiladi.