Markaziy bankida nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyasiya kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi

    Bu haqda Markaziy bank matbuot kotibi ma’lum qildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar bilan Markaziy bank o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyasiya kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

    Ushbu kengash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 iyundagi “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4754-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

    Apellyasiya kengashi Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyasiya kengashi to‘g‘risidagi nizom talablariga asosan faoliyat olib boradi. Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilganligi haqidagi murojaatlari Apellyasiya kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi va tegishli xulosa beriladi.

    Mazkur Kengash faoliyati jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, nizolarni hal etishning muqobil imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan.