Markaziy bankning 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi

    Moliya 29 Aprel 2022 1894

    Senatning 29-aprelda boʻlib oʻtgan yalpi majlisida Markaziy bankning 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi.

    Hisobot yilida Markaziy bank tomonidan asosiy eʼtibor pul-kredit siyosati instrumentlarini inflyatsiyaning maqsadli koʻrsatkichlariga erishish uchun yoʻnaltirish hamda bank tizimidagi xatarlarni oldindan aniqlash va ularni yumshatish choralarini koʻrib borish, shuningdek, mamlakatda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan.

    Xususan, inflyatsiya darajasining yil yakuniga qadar 10 foizlik prognoz koʻrsatkichiga erishish maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi hisobot yili davomida yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz saqlab qolingan.

    Banklar va toʻlov tizimlarining barqaror hamda ishonchli faoliyat yuritishini taʼminlash maqsadida tijorat banklariga zarur moliyaviy resurslar taqdim etilgan. Aholi va tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadlariga 166,7 trillion soʻm yoki 2020-yilga nisbatan 1,3 barobarga koʻp kreditlar yoʻnaltirilgan.

    Kichik tadbirkorlik subyektlarini, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadlari uchun 436 mingdan ortiq loyihaga jami 59,6 trillion soʻm kredit mablagʻlari ajratilgan.

    Shu bilan birga, senatorlar tomonidan narxlar barqarorligini taʼminlashda pul-kredit siyosati instrumentlaridan faol foydalanish va takomillashtirish hamda bank tizimi barqarorligini va toʻlovlar uzluksizligini taʼminlash borasida qator takliflar bildirildi.

    Majlisda inflyatsiyaga nomonetar omillar taʼsirini pasaytirish va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash maqsadida har bir omilning yuzaga kelish sabablarini chuqur tahlil qilish va hukumatga takliflar kiritib borish zarurligi qayd etildi.

    Shuningdek, senatorlar tomonidan tijorat banklari faoliyatini tartibga solishda xalqaro tan olingan standartlarni joriy qilish, banklarda kredit tavakkalchiligi hisob-kitobini yanada maqbullashtirish orqali bank tizimining moliyaviy barqarorligini oshirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

    Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.