Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 2020-yil 11-avgust kuni “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti ishtirokchi davlatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlarining video konferensiya shaklidagi navbatdan tashqari majlisida ishtirok etadi.
Tadbirda, shuningdek, Qozogʻiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, Qirgʻiziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov va Yaponiya tashqi ishlar vaziri Toshimitsu Motegi qatnashadi.
Majlisda muloqot ishtirokchi davlatlaridagi joriy epidemiologik vaziyat, koronavirus infeksiyasi va uning oqibatlariga qarshi birgalikda kurashish masalalari hamda pandemiya sharoitida hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.