Markaziy Osiyo “aql markazlari”: salohiyatni oshirish va barqaror rivojlanish uchun hamkorlik

    Xalqaro hamkorlik 14 Noyabr 2021 792

    12-noyabrda Toshkent xalqaro munozara klubi doirasida “Markaziy Osiyo “aql markazlari”: salohiyatni oshirish va barqaror rivojlanish uchun hamkorlik” mavzusida mintaqaviy forum boʻlib oʻtdi. Tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Milliy va xorijiy ekspertlar Markaziy Osiyo mamlakatlarida barqaror rivojlanishni taʼminlashda tahliliy va tadqiqot markazlarining ishtiroki, hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilash, amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, mintaqadagi tahliliy faoliyatning bugungi holati, ekspertlik salohiyatini oshirish, “aql markazlari” uchun doimiy muloqot maydonlarini yaratish, ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash istiqbollarini koʻrib chiqdi.

    Ishtirokchilarning fikricha, soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo rivojlanishning ijobiy dinamikasini namoyon etyapti. Barcha sohalarda mintaqaviy hamkorlik mustahkamlanyapti. Mintaqa ichidagi xavfsizlik, davlat chegaralari va suvdan foydalanishga oid eng dolzarb muammolar tizimli ravishda hal etilyapti. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchta maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Hukumat rahbarlari va tashqi ishlar idoralari rahbarlarining muloqotlari ham muntazam oʻtkazilyapti. Hamkorlikning bunday jadal tus olishidan mintaqadagi barcha davlatlar manfaat koʻryapti.

    Mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish bu – obyektiv, barqaror va qaytarib boʻlmas tendensiyadir. Uning zamirida mintaqa davlatlarining siyosiy irodasi va chuqur tarixiy nuqtayi nazari yotadi.

    Tahlilchilar taʼkidlashicha, hal qilib boʻlmaydigan muammo deyarli yoʻq, faqat uni bartaraf qilish uchun siyosiy iroda zarur. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yildayoq mintaqaviy siyosat negizida “oʻtkir masalalardan yuz oʻgirmay, oqilona murosa yoʻlini izlash” tamoyiliga amal qilish darkorligini anglatdi. Mintaqada oʻzaro ishonchni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda zamon chaqiriqlariga javob berish va yagona yondashuvlarni ishlab chiqishda “aql markazlari” (think tanks) muhim rol oʻynashi mumkin.

    Oʻtish davrida, keng koʻlamli transformatsiyalar va mintaqa taraqqiyoti sharoitida turli masalalar boʻyicha ekspertiza ahamiyatga ega. Mintaqadagi integratsiyalar va yaqinlashuv jarayonlari yangi kun tartibini shakllantiryapti. Hukumatlar, parlamentlar va boshqa tuzilmalar tomonidan muayyan tarmoqni, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli strategiya va konsepsiyalarni ishlab chiqish mutaxassislar koʻmagini talab qiladi. Bunda eng yaxshi vositalardan biri – Markaziy Osiyoda faoliyat yuritayotgan “aql markazlari” salohiyatidan foydalanishdir.

    Davlat va mustaqil tahliliy tashkilotlar mintaqadagi eng muhim siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni oʻrganyapti. Ular davlat organlari va xalqaro tashkilotlarga oʻz gʻoya va tavsiyalarini taqdim etishi, Markaziy Osiyo mamlakatlari oldida turgan eng dolzarb muammolar yechimini izlashda mintaqaviy muloqotga koʻmaklashishi mumkin.

    Nufuzli “aql markazlari” sanoati rivojlangan mamlakatlarda joylashgan. Koʻp hollarda ularning sharofati bilan ushbu mamlakatlarni rivojlantirish optimal trayektoriya (harakat yoʻli) boʻyicha amalga oshirilyapti. Bugungi kunda dunyoda 180 dan ortiq mamlakatlarda 7 000 ga yaqin “aql markazlari” bor. Bunday markazlarning eng koʻpi AQSH, Gʻarbiy Yevropa, Hindiston, Xitoy, Rossiya va Yaponiyada faoliyat yuritmoqda.

    Ishtirokchilarning fikricha, tahlilni rivojlantirish va “aql markazlari”ni, shu jumladan xususiy “aql markazlari”ni qoʻllab-quvvatlash boʻlajak oʻzgarishlar natijalarining indikatoriga aylanadi. Akademik hamjamiyat va tahliliy tadqiqot institutlarining oʻzaro hamkorligi uchun doimiy platformalar hamda muloqot maydonlarining yaratilishi axborot almashishga, ilgʻor tajribalar bilan oʻrtoqlashishga yordam beradi. Muqobil hisobotlar, qoʻshma mintaqaviy tadqiqotlar hukumatlarga Markaziy Osiyodagi dolzarb ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal qilish, oʻzaro hamkorlikning yangi nuqtalarini topish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishda koʻmak boʻlishi mumkin. “Aql markazlari” yuqori darajadagi uchrashuvlar va konferensiyalarni tegishli tahlillar bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

    Mustaqil ekspertiza va diagnostika vaqt va mablagʻni tejash, strategik va taktik xatolarni minimallashtirish, davlat va mintaqaviy qarorlar muhokamasiga jamoatchilik fikrini kiritish imkonini beradi. Shu bois tashabbuskorlik va tanqidiy fikrlashni ragʻbatlantirish, mintaqaviy ilmiy loyihalarni amalga oshirish mexanizmlarini yaratish muhim ahamiyatga ega. Grant dasturlari va qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish orqali “aql markazlari”ning, shu jumladan nodavlat tashkilotlarning stajirovka oʻtash tizimini yoʻlga qoʻyish va kadrlar salohiyatini oshirish oʻz samarasini beradi. Statistikani yanada rivojlantirish, mintaqa sharoitida ishonchli axborotning ochiq va foydalanish mumkin boʻlgan manbalari sonining koʻpayishi tahliliy faoliyatning faollashuviga ham turtki boʻladi.

    Taʼkidlanganidek, tahlil – davlat va tashqi siyosatning holati, rivojlanishi va istiqbolining “qaymogʻi”dir. Siyosiy va iqtisodiy tahlil davlat siyosatining intellektual tayanchini tashkil etadi, muqobil nuqtayi nazar bilan taʼminlaydi.

    Forum yakunlari boʻyicha Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan “aql markazlari”, ekspertlik hamjamiyatlari oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ularning mintaqada konstruktiv tashqi siyosatni ilgari surish, siyosiy, iqtisodiy, geosiyosiy va boshqa masalalarda doimiy muloqot uchun platformalar yaratishdagi rolini oshirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

    Maʼlumot uchun: Prezidentning 2020-yil 2-martdagi farmoniga muvofiq, “Yuksalish” umummilliy harakati qoshida Xalqaro munozara klubi tashkil etildi. Munozara klubi faoliyati dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy masalalarni muhokama etish, turli sohalardagi tendensiyalarni shakllantirish, takliflar ishlab chiqish, ekspertlar, shu jumladan xorijiy va xalqaro tashkilotlar tavsiyalari bilan innovatsion gʻoyalar va qarashlarni targʻib qilishga qaratilgan.

    “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.