Markaziy Osiyo davlatlarida gazni chuqur qayta ishlash va gazkimyo sohasida innovatsion yechimlarni qoʻllash masalalari muhokama etildi

    Sanoat 10 May 2022 1120

    Angliyaning “Globuc” kompaniyasi tomonidan “Markaziy Osiyo davlatlarida gazni chuqur qayta ishlash va gazkimyo sohasida innovatsion yechim va texnologiyalarni qoʻllash” mavzusida xalqaro onlayn anjuman boʻlib oʻtdi. Unda “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislari ham ishtirok etdi.

    Anjumanni oʻtkazishdan maqsad dunyo neft va gazni chuqur qayta ishlash sohasidagi islohotlar, yangiliklar va yechimini kutayotgan innovatsion masalalarni muhokama qilishdan iborat.

    Anjuman kun tartibidan dunyodagi geosiyosiy vaziyat va noaniqliklar hamda uning Markaziy Osiyo bozoriga taʼsiri, kam va oʻrta tonnali kimyoviy ishlab chiqarish loyihalarning istiqbollari, neft va boshqa xom ashyolarning logistikasiga oid mavzular oʻrin oldi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarida investitsiyalarni jalb qilish va loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha yuzaga keladigan muammolar, soha transformatsiyasi va dekarbonizatsiyasi hamda jarayonlarni raqamlashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

    “Globuc” kompaniyasining “IHS” shoʻba korxonasi mutaxassisi ishtirokchilarga sayyoramizda bugungi kundagi geosiyosiy vaziyat tufayli neft va gaz sanoatida yuzaga kelayotgan noaniqliklar va uning mintaqada neft va gaz narxlariga koʻrsatayotgan taʼsiri boʻyicha tahliliy maʼlumotlarni taqdim etdi. Bu esa oʻz navbatida dunyo miqyosida logistika tarmoqlari yoʻnalishlarini tubdan oʻzgartirishga, yakunda xom ashyo va mahsulotlar narxining oʻsishiga proporsional taʼsir etayotganligi taʼkidlandi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqilayotgan oʻrta va kam tonnali gazkimyo investitsiya loyihalari Markaziy Osiyo mintaqasida sohani rivojlanishiga va import oʻrnini bosuvchi yuqori qoʻshilgan qiymatdagi muhandislik hamda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladi. Soha mutaxassislari tomonidan Oʻzbekistonda innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali raqamlashtirish, is gazini atmosferaga chiqishini kamaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuqori baholandi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJni Markaziy Osiy mintaqasida zamonaviy texnologiyalarni jalb etish hamda yangi quvvatlarni ishga tushirilishi boʻyicha tajribasi alohida eʼtirof etildi. Shu bois mutaxassislar tomonidan 2022-yilda oʻtkaziladigan “Markaziy Osiyo neftgaz kimyosi va neftni qayta ishlash 2022” toʻqqizinchi xalqaro konferensiyasini Toshkent shahrida oʻtkazish boʻyicha taklif berildi.

    Shunday qilib, joriy yilning kuz oylarida neft va gaz sohasi texnologik litsenziarlar, soha ekspertlari, yangi zamonaviy innovatsion ishlanmalarni taklif etuvchi kompaniyalar Oʻzbekistonda jamlanishi rejalashtirilyapti. Bu esa oʻz navbatida mamlakatimizda sohaga yangi loyihalarni amalga oshirish uchun investorlarni jalb etish va innovatsion loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish boʻyicha yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.