Tadbirda Markaziy Osiyo mintaqasi vakillari, nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari, 20 dan ortiq mamlakatlar mutaxassis va tadqiqotchilari ishtirok etmoqda. Anjumanda Markaziy Osiyo mamlakatlarida oliy ta’limning xalqarolashuvi, mintaqadagi oliy ta’limning transformasiyasi, o‘zgaruvchan muhitda oliy ta’lim va innovasiyalarning yangi roli muhokama qilinib, o‘zaro hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda.
Anjuman ishtirokchilarining fikrlari bilan tanishamiz:
Ibrohim ABDURAHMONOV, Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vaziri:
– Globallashuv davri bizdan oliy ta’lim tizimini qurish uchun tubdan yangi yondashuvlarni talab qiladi. Jahon ta’lim makonida aniq o‘rin egallash uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining milliy ta’lim tizimlari dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar va rivojlanish jarayonlariga moslashishi muhim ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda ta’lim sifati va oliy ta’limga qamrovini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi besh yil ichida 100 dan ortiq yangi universitetlar tashkil etildi. Hozirgi kunda O‘zbekistondagi universitetlarning umumiy soni 2016 yildagi 77 bilan taqqoslaganda 210 ko‘rsatkichga yetdi. O‘zbekistonda oliy ta’limga qabul qilish darajasi 2016 yilga nisbatan to‘rt barobar oshdi va joriy o‘quv yilida 39 foizga yetdi.
Bundan to‘rt yil avval O‘zbekistonda atigi 7 ta xorijiy universitetlar faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozirgi kunda ularning soni 30 taga yetdi.
Libing VANG, YUNESKOning Bangkokdagi mintaqaviy ofisi direktori:
– Bugungi kunda oliy ta’limning inklyuzivligini rivojlantirish muhimdir. COVID pandemiyasi barqaror rivojlanishda ta’limning roli qanchalik muhimligini yana bir bor namoyon etdi. Oliy ta’lim qashshoqlik, gender tengsizligi kabi muammolarni hal qilishga yordam beradi, universitetlar jamiyat farovonligida faol ishtirok etadi.
Markaziy Osiyo tarixiy va madaniy meros maskanidir. Mazkur hududning oliy ta’lim markaziga aylanishi jahon hamjamiyati o‘rtasida bilim va tajriba almashishga xizmat qilishiga ishonaman. Markaziy Osiyo oliy ta’lim tizimiga eng yaxshi ta’lim amaliyotlarini tatbiq etish, tajriba almashinuvini kengaytirish zarur.
Denise WADDINGHAM, O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi direktori:
– Britaniya kengashi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi bilan yangi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, xususan universitetlarni boshqarish, ta’lim sifatini ta’minlash va inklyuziya. Shuningdek, O‘zbekistonda transmilliy ta’limni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilayotgani quvonarlidir.
Britaniya Kengashi "Change Academy" loyihasi doirasida vazirlik va Buyuk Britaniyaning "Advance HE" tashkiloti bilan bir necha yildan beri ta’lim sifatiga qaratilgan hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda. Bundan tashqari O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yurituvchi ayol tadqiqotchilari uchun ilk bor "Women in STEM" loyihasi yo‘lga qo‘yildi.