Uchrashuvda afgʻon inqirozini tinch yoʻl bilan hal etish, mamlakat iqtisodiyotini tiklash hamda siyosiy jarayonlarni rivojlantirishda afgʻon xalqining yetakchilik roli tamoyilini hurmat qilish boʻyicha mintaqaviy saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi.

Xalqaro terrorizm tahdidlariga qarshi birgalikda kurashish, Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan ushbu yoʻnalishda amaliy saʼy-harakatlarni ishlab chiqish muhimligiga eʼtibor qaratildi.

Tomonlar Afgʻoniston va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da rivojlantirish hamda kengaytirishni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Shu nuqtayi nazardan, Afgʻonistonning mintaqaviy integratsiya jarayonlariga keng jalb qilinishi mamlakatda barqaror va uzoq muddatli tinchlikni qaror topishiga yordam beradi.

Mintaqa davlatlari koʻmagi bilan Afgʻoniston hududida energetika, transport-kommunikatsiya sohalarida turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning muhim jihatlari qayd etildi.

Shuningdek, shu oyda Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyasining ahamiyati haqida alohida soʻz yuritildi.

Afgʻonistonga keng koʻlamda koʻmaklashish, jumladan pandemiya davrida insonparvarlik yordamini koʻrsatishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha ham atroflicha fikr almashildi.