“Markaziy Osiyo va Afgʻonistonda barqaror rivojlanish sari xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” xalqaro forumi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 16 Iyun 2021 1627

    2021-yil 15-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va BMTning Taraqqiyot Dasturi tomonidan Jahon banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki koʻmagida Markaziy Osiyo rahbar ayollari muloqoti doirasida “Markaziy Osiyo va Afgʻonistonda barqaror rivojlanish sari xotin-qizlarning iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish” xalqaro forumi oʻtkazildi.

    Mamlakatlarning farovonligi koʻp jihatdan xotin-qizlarning farovonligi, ularning iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlari kengayishiga, ayniqsa, tadbirkorlik sohasida kengayishiga bogʻliqligi, bu esa gender tenglikni taʼminlashga, kambagʻallikni qisqartirish va asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga imkoni berishi qayd etildi.

    Shu munosabat bilan forum ishtirokchilari xotin-qizlarning mehnat bozoridagi ishtirokini ragʻbatlantirish, ularni davlat va xususiy sektorga jalb qilish maqsadida Markaziy Osiyoda xotin-qizlarning ijodiy, tadbirkorlik salohiyatini toʻla roʻyobga chiqarishning samarali usullarini ishlab chiqish, xotin-qizlarning tadbirkorlik sohasidagi faoliyatini kengaytirish, qonunchilik bazasini va iqtisodiy siyosatni takomillashtirish boʻyicha saʼy-harakatlarni davom ettirish, teng qiymatli mehnat uchun bir xil miqdorda ish haqi toʻlanishini taʼminlash, ishda kamsitishga barham berishni targʻib qildilar.

    Tadbir davomida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, Afgʻoniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston ayol tadbirkorlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatish, hamkorlikning eng istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash boʻyicha fikr va ilgʻor tajribalar almashildi.

    Xususan, yuqori darajadagi spikerlar ishtirokida uchrashuvlar, tadbirkor ayollar rahbarlik qiladigan korxonalar mahsulotlari koʻrgazmasi, shuningdek, B2B formatida kooperatsion birja, Markaziy Osiyo va Afgʻonistondan kelgan tadbirkor ayollar oʻrtasida uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

    Xalqaro forum yakunlari boʻyicha Markaziy Osiyoning rahbar ayollari muloqotining Qoʻshma bayonoti va Markaziy Osiyo hamda Afgʻoniston tadbirkor ayollari oʻrtasida barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.