Tashrif doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi Seul shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha parlament spikerlari yigʻilishida ishtirok etdi.

Shuningdek, uning ishida Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Kim Chjin Pxyo, Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majlisi raisi Yerlan Koshanov, Qirgʻiziston Respublikasi Jogorku Keneshi Toragʻasi Nurlanbek Shakiyev, Tojikiston Respublikasi Majlisi Namoyanadagon Majlisi Oli raisi Maxmadtoir Zokirzoda va Turkmaniston Milliy Gengesh Majlisi raisi Dunyagozel Gulmanovalar, shuningdek, deputatlar va boshqa siyosiy arboblar qatnashdi.

Parlamentlararo hamkorlikning “5+1” formatida tashkil etilgan mazkur platformadan koʻzlangan maqsad   — mamlakatlar oʻrtasidagi koʻp qirrali muloqotni yanada mustahkamlashga yangi surʼat va mazmun berishdan iborat.

Tadbirning asosiy sessiyasi “Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi mintaqaviy hamkorlik istiqbollari va ustuvor yoʻnalishlar: keyingi 30 yil uchun shiddatli harakat” mavzusiga bagʻishlandi.

Unda soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik kun tartibidagi anʼanaviy masalalar bilan bir qatorda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishda parlamentlararo muloqot muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladilar.

Senat Raisi oʻz soʻzida 15 yildan ortiq davr davomida investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, sogʻliqni saqlash, taʼlim va madaniyat hamda boshqa sohalarda oʻzaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha yangi tashabbus va gʻoyalarni ilgari surish boʻyicha ish olib borayotgan “Markaziy Osiyo + Koreya” hamkorlik formatining (2007-yildan beri) oʻrni muhimligini alohida taʼkidladi.

Shuningdek, mazkur xalqaro muloqot davomida bir qator takliflar ham ilgari surildi. Xususan, texnologiyalar, innovatsiyalar va yashil iqtisodiyot sohasida parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirish, muqobil energiya va “yashil” vodorod ishlab chiqarish sohasida Koreya sarmoyalarini jalb qilish va yangi texnologiyalarni joriy etish kabi masalalar shular jumlasidandir.

Kunning ikkinchi yarmida yigʻilish ikki sessiyaga boʻlingan xolda oʻz ishini davom ettirdi. “Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik” mavzusiga bagʻishlangan sessiyada bugungi kunda dunyoda tobora kuchayib borayotgan qarama-qarshilik va nizolar, jahon iqtisodiyotidagi salbiy tendensiyalar, beqaror xalqaro savdo-iqtisodiy munosabatlar sharoitida koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni, jumladan, parlamentlararo muloqot orqali saʼy-harakatlarni birlashtirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Sessiyada Senat Raisi oʻz fikrlarini bildirib, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish mintaqaviy hamkorlikning asosiy drayveri boʻla olishi, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishda parlament koʻmagi muhimligini qayd etdi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, hozirgi vaqtda muammo va ziddiyatlarni aniqlash uchun transport va logistika faoliyatini tartibga soluvchi amaldagi meʼyoriy hujjatlarni oʻrganish va tahlil qilish talab etiladi. Mavjud standartlar va talablarni, shuningdek, barcha manfaatdor tomonlarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda loyihalarni ishlab chiqish zarurligiga urgʻu berildi.

“Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi oʻrtasida raqamli transformatsiya sohasidagi hamkorlik” mavzusidagi sessiyada esa ishtirokchilar eʼtibori iqtisodiy taraqqiyot va Markaziy Osiyoning jahon miqyosidagi mavqeini mustahkamlashda raqamlashtirish jarayonlarining muvaffaqiyati va iqtisodiyotning turli tarmoqlariga sunʼiy intellektning keng joriy etilishi masalalariga qaratildi.

Sessiyada Oliy Majlis Senati Raisi Koreya Respublikasi koʻmagida Toshkent shahrida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, malakali kadrlar tayyorlash va mintaqadagi barcha mamlakatlar ehtiyojlari uchun ommabop IT-mahsulotlarni ishlab chiqishga yoʻnaltirilgan sunʼiy intellektni oʻrganish va rivojlantirish boʻyicha Markaziy Osiyo markazini tashkil etish hamda raqamlashtirish sohasida Koreyaning yetakchi universitetlari bilan ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish takliflarini ilgari surdi.

Yigʻilishda “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” parlamentlararo hamkorlikning navbatdagi yigʻilishini 2024-yilda Ashxobodda oʻtkazish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.

Tadbir soʻnggida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari spikerlarining birinchi yigʻilishining Qoʻshma deklaratsiyasi qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.