“Markaziy Osiyo va Xitoy” formati platforma shaklidagi davlatlararo tuzilma hisoblanib, uning kotibiyatiga Xitoy, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston tomonidan tegishli taʼsis hujjatlarini imzolash orqali asos solinmoqda.

Mazkur diplomatik muloqot shakli davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish, oʻzaro hurmat, ishonchga asoslangan koʻp asrlik doʻstlik va sheriklik rishtalari hamda yaqin aloqalarni oʻrnatish, amaliy hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilmoqda.

“Markaziy Osiyo va Xitoy” formati kotibiyati 2023-yil 19-maydagi ushbu format ishtirokchi-davlatlari qabul qilgan Sian deklaratsiyasiga muvofiq tashkil etilmoqda.

Kotibiyat Formatning ijro organi hisoblanadi. Kotibiyat Format ishtirokchi-davlatlarining sammitlari va tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlarini tashkiliy, texnik va axborot jihatdan taʼminlashni amalga oshiradi.

Ushbu qonun loyihasi bilan “Markaziy Osiyo va Xitoy” formati kotibiyati toʻgʻrisidagi nizomni ratifikatsiya qilish nazarda tutilmoqda. “Markaziy Osiyo va Xitoy” formati kotibiyati toʻgʻrisidagi nizom muqaddima va 4 ta boʻlimdan iborat. Hujjat bilan Kotibiyatning vazifalari, vakolatlari, tuzilishi va tarkibi, huquqi, majburiyatlari hamda maqomi huquqiy mustahkamlangan.

Majlisda qonun loyihasining qabul qilinishi “Markaziy Osiyo va Xitoy” formati kotibiyatida Oʻzbekistonning ishtirokini taʼminlash, mazkur platformada mintaqaviy tashabbuslarni munosib ilgari surish, milliy manfaatlarni munosib himoya qilish imkonini berishi taʼkidlandi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi