Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi T. Narbayeva, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiyasi boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari N. German, Qozogʻiston Bosh vaziri oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri M. Tleuberdi, Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari, Iqtisodiyot vaziri A.U. Japarov, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri R. Meredov, Tojikiston tashqi ishlar vaziri S. Muxriddin, Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri A. Komilov, shuningdek Markaziy Osiyo mamlakatlarining Oʻzbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchilari ishtirok etdi.

Tadbir faxriy mehmonlari qatoridan MDH Ijroiya qoʻmita raisi – Ijrochi kotibi S. Lebedev, SHHT ning Bosh kotibi V. Norov, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi B. Amreyev, Osiyoda oʻzaro hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning ijrochi direktori K. Saribaylar oʻrin olgan.

Taklif etilgan xalqaro ekspertlar orasida Energetika, taraqqiyot va xavfsizlik dasturi direktori, Xalqaro soliq va investitsiyalar boʻyicha markazi direktori Ariyel Koen (AQSH), Yevropa va xalqaro tadqiqotlar markazi direktori, Jahon iqtisodiyoti va xalqaro masalalar fakulteti, Oliy iqtisodiyot maktabi, Valdai xalqaro munozaralar klubi dastur direktori Timofey Bordachyov (Rossiya), siyosatshunos, MDH davlatlari boʻyicha ekspert Arkadiy Dubnov (Rossiya), MGIMO Yevroosiyo tadqiqotlari markazi direktori Ivan Safranchuk (Rossiya), J. Neru nomidagi universitetning Rossiya va Markaziy Osiyoni oʻrganish markazi professori Sanjay Pandey (Hindiston), Rivojlanayotgan mamlakatlar instituti professori Manabu Shimizu (Yaponiya), Anqara Tashqi siyosat instituti direktori Xuseyn Bagji(Turkiya), Peshovar universitetining Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyoni oʻrganish markazi direktori Shabir Ahmad Xon (Pokiston), Global va strategik tadqiqotlar markazi prezidenti Sayid Xolid Amir Jaffri (Pokiston), Budapesht Korvina universitetining Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Marton Krasnay (Vengriya), shuningdek xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Senat Raisi Tanzila Narbayeva soʻzga chiqib, unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tadbir ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi.

Unga koʻra, Davlatimiz rahbari mazkur institutning tashkil etilishini hayotning oʻzi, mintaqaviy taraqqiyot jarayonlari va tarixiy davr taqozo etayotganini taʼkidladi. Bu bizning mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan tashqi siyosat yoʻlini davom ettirish borasidagi niyatimiz qatʼiyligining yana bir tasdigʻidir.

Oʻtgan qisqa davrda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilarining siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli mintaqada muhit tubdan oʻzgarishiga erishilib, oʻzaro munosabatlar mutlaqo yangi surʼat, ochiqlik va konstruktiv xususiyat kasb etmoqda.

Shubhasiz, Markaziy Osiyo xalqaro institutining faoliyati, uning xorijiy, birinchi galda qoʻshni mamlakatlarning tahliliy va akademik muassasalari bilan ilmiy hamkorligini rivojlantirishi keng qamrovli mintaqaviy sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan, xalqlarimizning tinchligi va farovonligini taʼminlashga xizmat qiladigan aniq taklif va loyihalarni ishlab chiqishga imkon beradi.

Ushbu noyob ilmiy-tadqiqot markazi – Markaziy Osiyo xalqaro institutining “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” Yuqori darajadagi xalqaro konferensiya arafasida ochilayotganida oʻziga xos ramziy maʼno mujassam.

Bu ikki muhim voqea – Oʻzbekistonning yaqin mintaqaviy
va mintaqalararo aloqalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kooperatsiyani kuchaytirishga, koʻpqirrali hamkorlik joʻgʻrofiyasini kengaytirish yoʻlida eng istiqbolli va yangi yoʻnalishlarni ishlab chiqishga tayyor ekanining yorqin ifodasidir.

Tadbirda, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiyasi boʻyicha mintaqaviy markaz rahbari Natalya German Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash boʻyicha saʼy-harakatlarini hamda muhim mintaqaviy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiyasi boʻyicha mintaqaviy markazi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining har yili oʻtkaziladigan maslahatlashuv uchrashuvlari va mintaqa bilan aloqalarni oʻrnatishda xalqaro hamjamiyat uchun kompas sifatida yakuniy qoʻshma bayonotlari bilan yakunlangan mintaqaviy hamkorlikning ijobiy oʻsish surʼatini mamnuniyat bilan qabul qiladi.

Shu munosabat bilan, “tahlil markazlari” ning mintaqa davlatlarining barqaror rivojlanishni taʼminlash yoʻlidagi qoʻshma saʼy-harakatlarini targʻib qilishdagi muhim ahamiyati qayd etildi. Natalya Germanning fikriga koʻra, Markaziy Osiyo xalqaro institutining tashkil etilishi mintaqa mamlakatlari manfaatlariga xizmat qiluvchi hamda Markaziy Osiyoning ekspertlar hamjamiyatini birlashtiruvchi yagona platformaga aylanishiga ishonch bildirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov taʼkidlaganidek, Markaziy Osiyo Xalqaro institutining tashkil etilishi, bu xalqaro aloqalar rivojlanishidagi muhim tendensiyani, yaʼni mintaqaviy siyosiy va iqtisodiy jarayonlarning tobora oʻsib borayotganining yorqin namunasidir. Ayniqsa, ushbu tendensiya Markaziy Osiyo mintaqasida yaqqol oʻz aksini topadi. Maʼlumki, qadimdan mintaqa Buyuk Ipak yoʻlining muhim boʻgʻini, yagona madaniy va sivilizatsion makon edi.

Ushbu tadqiqot markazining ilmiy-amaliy faoliyati davomida, mamlakatimizning asosiy tashqi siyosiy ustuvor yoʻnalishi sifatida, Markaziy Osiyo bilan bogʻliq mintaqaviy jarayonlar va xalqaro aloqalarni oʻrganishdir.

Shuningdek, Institut Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining tadqiqot markazlari oʻrtasida yaqin xalqaro hamkorlikni oʻrnatish va mustahkamlashga koʻmaklashishga chaqiriladi.

Tashrif buyurgan martabali mehmonlar institutning yangi binosi, xodimlar uchun yaratilgan mehnat sharoiti bilan tanishdilar va savdo, transport va aloqa, energetika, suv, ekologik, gumanitar va xavfsizlik sohalarida mintaqaviy hamkorlik istiqbollarini ekspertlar bilan muhokama qilib, koʻp qirrali yoʻnalish boʻyicha aniq va ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqishda platforma boʻlib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Tadbir yakunida, MOXI da BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi, Belorussiya strategik tadqiqotlar instituti va Qirgʻiziston strategik tadqiqotlar instituti delegatsiyalari bilan bir qator uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.