Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik siyosatini davom ettirilib, iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantiriladi

    Hukumat 27 Aprel 2023 940

    Prezident Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik siyosatini davom ettirib, iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshni davlatlar bilan faol ishlanayotganini taʼkidladi.

    Ushbu maqsadlarda qoʻshma investitsiya fondlari tashkil qilinib, sanoat, energetika, transport va suv xoʻjaligi sohalarida yirik mintaqaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.

    Iqtisodiyotlarimizning “bir-birini toʻldirishi” tamoyili asosida sanoat va agro kooperatsiyalari qatʼiy davom ettirilishi taʼkidlandi.

    Masalan, Qirgʻiziston bilan hamkorlik natijasida soʻnggi yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 5 barobar va qoʻshma korxonalar soni 8 barobar oshdi.

    Xususan, toʻqimachilik, avtomobilsozlik, geologiya, kimyo sanoati, qishloq va suv xoʻjaligi, chorvachilik kabi yoʻnalishlarda birgalikda katta-katta loyihalar boshlandi.

    Bularning barchasi 2021-yilda tashkil etilgan Oʻzbekiston–Qirgʻiziston taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilmoqda. “Qambarota GES-1” va “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish loyihalari boʻyicha ham ishlar jadal davom etmoqda.