“Yuksalish” umummilliy harakati Ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda hamda mintaqa ekspertlari koʻmagida ilk bor “Markaziy Osiyoning yetakchi ayollari” reytingini tuzdi.

Reytingga kiritilgan ayollar mintaqada turli sohalarga, shu jumladan siyosat, biznes, taʼlim, fan, sanʼat va ijtimoiy masalalarga ijobiy taʼsir koʻrsatgan.

Nomzodlar roʻyxati shakllantirilgach, Harakatning mintaqa miqyosidagi ekspertlar guruhiga taqdim etildi. Ekspertlar nomzodlarni ham matematik, ham empirik metodlarga tayangan holda saraladi.

Saralash jarayonining birinchi bosqichida nomzodlar quyidagilarga qarab baholandi:

- egallab turgan lavozimi va qarorlar qabul qilishga taʼsir qilish darajasi (10 ball);

- iqtiboslarda keltirilishi va taniqliligi (10 ball);

- ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy tashabbuslarni ilgari surganligi (5 ball).

Ikkinchi bosqichda mintaqaning 300 yaqin ekspertlar ishtirokida onlayn ovoz berish jarayoni oʻtkazildi. Ovoz bergan ekspertlar tarkibida inson huquqlari boʻyicha ombudsmanlar, mintaqaning yetakchi “aql markazlari” rahbarlari, parlamentariylar, akademiklar hamda fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar vakillari bor.

Markaziy Osiyoning Top-40 yetakchi ayollari roʻyxati:

Ziroat Mirziyoyeva – “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi, Oʻzbekistonning birinchi xonimi

Aygul Japarova – “Ene-balaga tirek” jamoat fondi raisi, Qirgʻiz Respublikasinning birinchi xonimi

Azizmo Asadullayeva – Tojikistonning birinchi xonimi

Tanzila Norboyeva – Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi

Dunyogoʻzal Gulmanova – Turkmaniston Milliy Gengeshi Mejlisi raisi

Saida Mirziyoyeva – Oʻzbekiston Prezidenti yordamchisi

Olga Perepechina – Qozogʻiston Senati Raisi oʻrinbosari

Jamila Isayeva – Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshi Toragʻasi (raisi) oʻrinbosari

Dilrabo Mansuri – Tojikiston Majlisi namoyondagon Majlisi Oli raisi oʻrinbosari

Daniya Yespayeva – Qozogʻiston Parlament Majlisi raisi oʻrinbosari

Zuhra Ibrohimova – Oliy Majlis Spikeri oʻrinbosari

Tamara Duysenova – Qozogʻiston Bosh vaziri oʻrinbosari

Zulayho Mahkamova – Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari

Roza Otunbayeva – BMT bosh kotibining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili va BMTning Afgʻonistonga yordam koʻrsatish missiyasi rahbari, Qirgʻizistonning sobiq prezidenti

Ozoda Rahmon – Tojikiston Prezidentining ijroiya apparati rahbari

Zulfiya Suleymenova – Qozogʻiston prezidenti maslahatchisi

Nurjan Shayldabekova – Qirgʻiz Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi

Feruza Eshmatova – Oʻzbekiston Oliy Majlisining inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)

Ajar Giniyat – Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vaziri

Aida Balayeva – Qozogʻiston madaniyat va axborot vaziri

Zulfiya Davlatzoda – Tojikiston madaniyat vaziri

Gulnora-Klara Samat – Qirgʻiz Respublikasining Rossiyadagi elchisi

Madina Abilqasimova – Qozogʻiston Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi raisi

Robaxon Mahmudova – Oʻzbekiston Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosari

Umut Shayaxmetova – Qozogʻiston “Halyk Bank” boshqaruv raisi

Lyazzat Ibragimova – Qozogʻiston “Otbasi banka” boshqaruv raisi

Shoira Sodiqova – Tojikiston “Arvand” banki boshqaruv raisi

Kunsulu Zakariyo – Qozogʻiston Fanlar akademiyasi prezidenti

Svetlana Ortiqova – Oʻzbekiston Bosh prokurori oʻrinbosari

Myaxri Byashimova – Turkmaniston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari

Gayane Umerova – Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari oʻrinbosari

Sevara Nazarxan –Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist

Aziza Umarova – Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining Delivery Unit loyiha ofisi rahbari, jamoat arbobi

Gulbahor Mahkamova – Tojikiston Tadbirkor ayollar Milliy assotsiatsiyasining boshqaruv raisi

Nozima Davletova – Oʻzbekiston Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi

Natalya Nikitenko – Qirgʻiz Respublikasi davlat va siyosat arbobi

Roza Aytmatova – Qirgʻiz Respublikasi jamoat arbobi, xizmat koʻrsatgan taʼlim xodimi

Elvira Surabaldiyeva – Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshi deputati

Irina Matviyenko – Oʻzbekistondagi NeMolchi.uz loyihasi asoschisi

Dinara Oshurakunova – Qirgʻiz Respublikasi “Demokratiya va fuqarolik jamiyati uchun” koalitsiyasi eksperti

Ekspertlarning taʼkidlashicha, Tanzila Norboyeva Oʻzbekiston tarixida Senatga raislik qilayotgan ilk ayol. Bungacha u Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi, Bosh vazir oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. “Shuhrat” medali, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, I darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. 2019-yilda “Eng faol davlat arbobi – Oʻzbekistonda yil odami” sifatida eʼtirof etilgan.

Roza Otunboyeva Markaziy Osiyodagi birinchi ayol prezident. Bugunda Qirgʻiz Respublikasi rivojiga koʻp tomonlama hissa qoʻshayotgan “Roza Otunboyeva tashabbusi” jamoat fondi asoschisi. U yetakchilik, diplomatiya, faol fuqarolik va xalqaro hamkorlik sohalarida 35-yildan ortiq kasbiy tajribaga ega. Fuqarolik jamiyati, davlat va xususiy sektorlar hayotini yaxshilashga qoʻshgan hissasi uchun Quvayt mukofoti bilan taqdirlangan.

Ekspertlar, shuningdek, Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi “Zamin” fondi sogʻliqni saqlash, taʼlim, yollar, bolalar, yoshlar, nogironligi boʻlgan shaxslar va qariyalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirib kelayotganini eʼtirof etdi. Birinchi xonim xalqaro miqyosdagi yirik anjumanlar, sammitlarda faol ishtirok etib, ijtimoiy muloqotni mustahkamlashga, oʻzbek jamiyati rivojiga salmoqli hissa qoʻshmoqda.

Ozoda Rahmon Tojikiston hukumatida yuqori lavozimlardagi faoliyatidan tashqari, oʻzining xayriya ishlari, mamlakatda ayollar huquqlari va taʼlim sohasidagi islohotlarga taʼsir koʻrsatishi bilan tanilgan.

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fanlar akademiyasi prezidenti Kunsulu Zakariyo biologiya fanlari doktori, professor, Al-Farobiy nomidagi fan va texnika sohasidagi Davlat mukofoti laureati. Olima ayol Qozogʻiston ilm-fanini rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan. U SOVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi QazSovid-in (QazVas) vaksinasini ishlab chiqdi. 200 dan ortiq ilmiy nashrlar hamda ilmiy-uslubiy qoʻllanmalar, monografiyalar, ixtirolar va meʼyoriy-texnik hujjatlar muallifi.

Myahri Byashimova Turkmaniston tashqi ishlar vazirligidagi faoliyatidan tashqari, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, yangi ekologik toza texnologiyalardan foydalanishga oid loyihalarni faol ilgari suradi, bu boʻyicha BMTning yuqori darajadagi yigʻilishlarida ishtirok etib keladi.

Umut Shayaxmetova Qozogʻistonda ayol biznes yetakchilaridan biri. U boshqarayotgan Xalq banki Markaziy Osiyodagi yirik banklardan biridir. 2023-yilda nufuzli xalqaro nashr – “International Banker”ga koʻra, Sharqiy Yevropadagi eng yaxshi bank deb topildi. Shuningdek, Qozogʻiston Olimpiya qoʻmitasi vitse-prezidenti boʻlgan birinchi ayoldir.

Saida Mirziyoyeva Oʻzbekistonda soʻz erkinligini taʼminlash, madaniyat sohasini rivojlantirish, shuningdek, gender tengligi masalalari boʻyicha faollik koʻrsatib, xotin-qizlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi. Jamiyatdagi muammolarni koʻtarib, ayollarga nisbatan zoʻravonlik holatlariga munosabatini bildirib keladi. Xalqaro minbarlarda Oʻzbekiston nomidan soʻzga chiqib, yirik taʼlimiy va madaniy, ekologik loyihalarni taqdim etmoqda.

34 yoshli Dunyogoʻzal Gulmanova Turkmaniston tarixida parlamentning eng yosh spikeri hisoblanadi. Ekspertlar uning ushbu lavozimga saylanishini mamlakat siyosiy manzarasida muhim oʻzgarishlardan darak ekanini taʼkidlagan. Oxirgi parlament saylovlari natijalariga koʻra, deputatlarning 25,60 foizini ayollar tashkil etdi. Deputatlar tarkibi sezilarli darajada yoshardi: qariyb 10 foizi 30 yoshgacha, 40,80 foizi esa 40 yoshgacha boʻlgan fuqarolardir.

Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollarining muloqot qilishi, hamkorlik aloqalarini kengaytirishi, tajriba almashishi uchun platforma yaratildi. Xususan, 2021-yilda Markaziy Osiyo yetakchi ayollarining ilk muloqoti Oʻzbekistonda boʻlib oʻtdi.

Muloqot natijasida Markaziy Osiyo ayollarining davlat boshqaruvi, preventiv diplomatiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tadbirkorlik va biznes, madaniyat, taʼlim, fan, sanʼat, gender tengligi va umuman barqaror rivojlanish sohalarida oʻzaro hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shuningdek, mintaqa mamlakatlarining tadbirkor ayollari ishtirokida biznes forumlar tashkil etildi.