Markaziy saylov komissiyasida YEXHT DIIHB hamda MDHning saylovni kuzatish missiyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Saylov 25 Sentabr 2024 326

    Joriy yil 25-sentyabrda Markaziy saylov komissiyasida YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB) hamda Mustaqil davlatlar hamdoʻstligining (MDH) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlarini kuzatish boʻyicha missiyasi vakillari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi.

    Uchrashuvlar avvalida MSK Raisi Z.Nizamxodjayev YEXHT DIIHB missiyasi rahbari Ueyk Duglas, byuroning saylovlar boʻyicha tahlilchisi Teylor Kris Djon hamda missiya ekspertlari Rija Dorota va Inaishvili Kaxa bilan muloqot olib bordi.

    Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida Markaziy saylov komissiyasiga Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi (MDH) Bosh kotibi oʻrinbosari Trefilov D.A. hamda MDH Ijroiya qoʻmitasi Missiya shtabi rahbari Kozyak Ye.V. tashrif buyurdi.

    Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizamxodjayev boʻlib oʻtgan muloqot davomida xalqaro tashkilotlar Oʻzbekistonda oʻtkazilgan saylovlarni kuzatish missiyalarining natijalari boʻyicha hisobot va xulosalardagi tavsiyalarni milliy qonunchiligimizga va amaliyotimizga implementatsiya qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar tafsilotiga toʻxtalib oʻtdi.

    Xalqaro tashkilotlar saylovlarni kuzatish missiyalarining natijalari boʻyicha hisobot va xulosalardagi tavsiyalarni Oʻzbekistonda saylov va referendum qonunchiligini yanada takomillashtirish, saylov va referendum amaliyoti samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilayotganligi alohida eʼtirof etildi.

    Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi Raisi YEXHT DIIHB va Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi missiyasi vakillari bilan olib borgan muloqotlari chogʻida joriy yil 27-oktyabrda mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlari aralash saylov tizimi asosida oʻtkazilishi va uning oʻziga xos xususiyatlari, milliy saylov amaliyotiga tatbiq etilgan yangiliklardan yana biri “E-Saylov” axborot tizimi va mazkur tizimning afzalliklari yuzasidan batafsil maʼlumot berib oʻtdi.

    Xususan, saylovi kampaniyasi tobora qizgʻin pallaga kirib borayotgani, bu masʼuliyatli jarayon Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Saylov kodeksida belgilangan tartiblarga binoan izchillik bilan muvofiqlashtirib borilayotganligi, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga oshkoralik berish maqsadida tadbirlarning tartibi, bosqichlari va muddatlari haqidagi axborotlar eng avvalo saylovchilarga hamda siyosiy partiyalarga Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali tezkorlik bilan yetkazilayotgani taʼkidlandi.

    Tomonlar oʻrtasida olib borilgan muloqotlar konstruktiv va samimiy tarzda yakun topdi. Markaziy saylov komissiyasi oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida bu kabi muloqotlarga doim tayyor va ochiq ekanligini bildirib oʻtdi.

    Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.