Markaziy saylov komissiyasida MDH Parlamentlararo assambleyasining saylovni kuzatish missiyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Saylov 26 Sentabr 2024 441

    Joriy yil 26-sentyabrda Markaziy saylov komissiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovini kuzatish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgan MDH Parlamentlararo assambleyasi vakillari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda MDH Parlamentlararo assambleyasi Kengashi bosh kotibi maslahatchisi S.Karavayev hamda MDH PA ishtirokchi davlatlarda demokratiyaning rivojlanishi, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti (DRMXI) eksperti S.Tkachenko ishtirok etdi.

    Uchrashuvda Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev MDH Parlamentlararo Assambleyasi bilan konstruktiv hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini taʼkidladi.

    Qayd etib oʻtilganidek, saylovning huquqiy asoslarini takomillashtirishda xalqaro tashkilotlar, saylovni kuzatish missiyalari, xususan, MDH PAning tavsiyalarini milliy qonunchiligimiz va amaliyotimizga tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etyapti.

    Shuningdek, uchrashuvda joriy yil 27-oktyabrda mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlari aralash saylov tizimi asosida oʻtkazilishi va uning oʻziga xos xususiyatlari, milliy saylov amaliyotiga tatbiq etilgan yangiliklardan yana biri “E-Saylov” axborot tizimi va mazkur tizimning afzalliklari yuzasidan batafsil maʼlumot berib oʻtildi.

    Oʻz navbatida missiya vakillari boʻlajak saylovlarni umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada oʻtishiga muvaffaqiyat tiladi.

    Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.