Majlis kun tartibidan Saylov uchastkasini aniqlash va oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash, Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish va Toshkent viloyatida boʻshab qolgan oʻrinlarga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi saylovini oʻtkazish masalalari oʻrin oldi.
Tadbirda qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqlari amalga oshirilishiga qulay sharoit yaratish hamda saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish maqsadida Saylov uchastkasini aniqlash va oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat koʻrsatish tartibi yoʻlga qoʻyilmoqda. Mazkur interfaol xizmatdan doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manziliga ega boʻlgan, saylov kuniga qadar yoki saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari foydalanishlari mumkin.
Majlisda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi MSK qaroriga muvofiq 48 nafar mahalliy va yana shuncha xorijiy OAV vakillari roʻyxatdan oʻtkazildi. Qayd etish joiz, shu kunga qadar akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy OAV vakillari soni 750 nafardan oshdi.
Kun tartibidagi yana bir masala Saylov kodeksining 14, 78 va 87-moddalariga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi Toshkent viloyati davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining boʻshab qolgan oʻriniga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati aʼzosi saylovi boʻyicha qoʻshma majlisi 2021-yil 24-avgust kuni soat 11:00 da Qibray tumani, Universitet koʻchasi, 2-uyda joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti binosida chaqirilishi yuzasidan qaror qabul qildi.
Shuningdek, majlisda MSK faoliyatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.