Akkan Suver Oʻzbekistonning joriy yil iyun oyida Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan 25-Yevrosiyo iqtisodiy sammitida samarali ishtirok etganini alohida eʼtirof etib, kelgusi yilning mart oyida boʻladigan navbatdagi sammitda ham qatnashishga taklif etdi.

Oʻz navbatida, delegatsiyaning boshqa aʼzolari ham qator istiqbolli takliflarini bildirdi.

Xususan, B&A GROUP tibbiyot kompaniyasi bosh menejeri va I.H.F HEALTH CONSULTANCY kompaniyasi taʼsischisi Faruk Goker Toshkent shahrida tibbiyot muassasalarini tashkil etish, raqamlashtirish, boshqarish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida fikr bildirib, mamlakatimiz aholisining Turkiyaning onkologiya, transplantologiya, jarrohlik va boshqa sohalardagi tibbiy xizmatlariga boʻlgan talabi yuqori ekanini taʼkidladi. Shuningdek, kompaniya yirik tibbiyot loyihalarini toʻliq ishlab chiqish va amalga oshirishda imkoniyatlar va xalqaro tajribaga ega ekanligini aytdi.

Sh.Raxmanov sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, davlatimiz rahbari tomonidan aholi salomatligini muhofaza qilish borasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirish boʻyicha shahrimizda faol ish olib borilayotganini maʼlum qildi. Mehmonlarning takliflari dolzarb ahamiyatga ega ekanligini, hamkorlik istiqbollari Toshkent shahar sogʻliqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari ishtirokida har tomonlama oʻrganib chiqilishini bildirdi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.